O‘zbekiston va AQSH Prezidentlari telefon orqali ikki tomonlama munosabatlarni yana-da mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildilar

Avgust 07, 2026. 19:50 • 2 daq

102
O‘zbekiston va AQSH Prezidentlari telefon orqali ikki tomonlama munosabatlarni yana-da mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildilar
O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat

TOSHKENT, 7-avgust. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, suhbat avvalida O‘zbekiston yetakchisi Donald Trampni AQSH mustaqilligining 250 yilligi bilan yana bir bor tabrikladi.

Prezident Tramp, o‘z navbatida, O‘zbekiston-Amerika munosabatlari misli ko‘rilmagan darajaga yetganini hamda ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasida ishonchga asoslangan yaqin muloqot o‘rnatilganini taʼkidladi.

Oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlarning izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilib, strategik sheriklik munosabatlarini yana-da rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan ikki tomonlama muloqot va almashinuvlarning jadal surʼatiga yuqori baho berildi.

Uch yillik iqtisodiy hamkorlik dasturi izchil amalga oshirilmoqda. Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston hududlari va Amerika shtatlari o‘rtasidagi hamkorlik kengayib bormoqda. AQSH fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etilgani ishbilarmonlik aloqalarining faollashuviga xizmat qilmoqda.

Fuqaro aviatsiyasi, avtomobilsozlik, tog‘-kon sanoati, infratuzilma, energetika, metallurgiya, sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xalqaro ahamiyatga molik masalalar muhokama qilinar ekan, global xavfsizlikni taʼminlash, xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi saʼy-harakatlarni davom ettirish muhim ekani taʼkidlandi.

Yetakchilar bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.

Suhbat yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Donald Trampga o‘zi uchun qulay vaqtda rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelishni taklif qildi.

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish