Logo

O‘zbekiston Prezidenti 18-20-dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan Yaponiyada bo‘ladi

Dekabr 17, 2025. 18:21 • 55 soniya

160
O‘zbekiston Prezidenti 18-20-dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan Yaponiyada bo‘ladi

TOSHKENT, 17-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichining taklifiga binoan 18-20-dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, tashrif dasturiga muvofiq, Tokio shahrida Yaponiya Imperatori Naruxito, Bosh vazir Sanae Takaichi, Parlament rahbariyati, hukumat aʼzolari, siyosiy partiyalar vakillari va yetakchi universitetlar rektorlari bilan uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Kun tartibidan O‘zbekiston – Yaponiya strategik sheriklik munosabatlari va ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish hamda rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida Yaponiyaning yirik kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari ishtirokidagi uchrashuvlar va tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda investitsiya loyihalarini ilgari surish masalalari atroflicha muhokama qilinadi. Ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami qabul qilinishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti, shuningdek, “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti davlat rahbarlarining birinchi sammitida ishtirok etadi. Tadbir doirasida “yashil iqtisodiyot” va barqaror taraqqiyot, o‘zaro bog‘liqlik va mintaqaviy sheriklikni mustahkamlash hamda inson resurslarini rivojlantirish kabi ustuvor sohalarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilinadi.

Sammit yakunlari bo‘yicha Tokio deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish