O‘zbekiston Prezidenti: Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz natijasida ilgari tarqoq bo‘lgan Markaziy Osiyo bugungi kunda taraqqiyotning umumiy maqsadlari yo‘lida birlashmoqda

Iyul 31, 2026. 16:10 • 4 daq

81
O‘zbekiston Prezidenti: Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz natijasida ilgari tarqoq bo‘lgan Markaziy Osiyo bugungi kunda taraqqiyotning umumiy maqsadlari yo‘lida birlashmoqda

TOSHKENT, 31-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdilar.

Davlat rahbarlari Markaziy Osiyo va Ozarbayjon mamlakatlari va xalqlarining barqaror rivojlanishi, iqtisodiy taraqqiyoti, xavfsizligini taʼminlash hamda farovonligini yuksaltirishga doir dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

O‘zbekiston yetakchisi so‘zining avvalida norasmiy sammitni o‘tkazish tashabbusi va Issiqko‘l sohilidagi iliq qabul uchun Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga ham Maslahat uchrashuvlari formatida samarali raislik qilayotgani uchun tashakkur izhor etildi.

Mintaqa mamlakatlari mustaqilligining 35 yillik bayramlarini nishonlash arafasida har birining davlatchilikni barpo etish, iqtisodiy o‘sish va milliy tiklanish borasida erishgan muvaffaqiyatlariga yuksak baho berildi.

– Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz natijasida ilgari tarqoq bo‘lgan Markaziy Osiyo bugungi kunda taraqqiyotning umumiy maqsadlari yo‘lida birlashmoqda, – dedi Prezidentimiz.

Mamlakatimiz yetakchisi murakkab va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan xalqaro voqelikni tahlil qilar ekan, uchrashuv ishtirokchilarini qatʼiyat bilan harakat qilish va o‘zaro muvofiqlashuvni yana-da kuchaytirishga chaqirdi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlari formatiga qo‘shilishi o‘zaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi – makromintaqaviy darajaga olib chiqmoqda.

– Biz uchun Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va yaqin qo‘shnimiz – Afg‘onistonni birlashtiruvchi yagona taraqqiyot makonini shakllantirish borasida tarixiy imkoniyat ochilmoqda, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Prezidentimiz Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon o‘rtasida barqaror rivojlanish, o‘zaro bog‘liqlik va yaxshi qo‘shnichilik uchun mustahkam zamin yaratish maqsadida mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha nuqtai nazarini bayon qildi.

Avvalo, mintaqaviy hamkorlikning barqaror arxitekturasini shakllantirishga o‘tish muhimligi taʼkidlandi. Uning tuzilishi hamkorlikning samarali institutlari, tarmoq idoralarining yaqin munosabatlari, hududlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalari hamda rivojlanishning asosiy yo‘nalishlaridagi uzoq muddatli qo‘shma dasturlarga tayanishi zarur.

Mintaqaning xalqaro subyekt sifatidagi maqomini mustahkamlash uchun davlatlararo tashkilotlar va “Markaziy Osiyo plyus” formatlari doirasida o‘zaro muvofiqlashtiruvni kuchaytirish lozimligi qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy va transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, uzluksiz sanoat-texnologik zanjirlarni kengaytirish, umumiy raqamli xizmatlarni rivojlantirish hamda investitsiya platformalarini ishga tushirish bo‘yicha kelgusi qadamlarni puxta ishlab chiqish talab etiladi.

Markaziy Osiyoni kadrlar salohiyati, sunʼiy intellekt texnologiyalari, data-markazlar va energetika quvvatlarini birlashtirgan yaxlit infratuzilmani yaratish orqali taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar bo‘yicha raqobatbardosh xabga aylantirish masalasi istiqbolli vazifalar qatorida ko‘rsatib o‘tildi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish har doim mintaqaviy kun tartibining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib kelgani va shunday bo‘lib qolishi alohida taʼkidlandi. Yagona tabiiy makonimizda yuzaga kelayotgan tahdidlar chegara bilmaydi, shunday ekan ularga javob choralari ham umumiy bo‘lishi kerak.

– Joriy yilgi yozning anomal darajada issiq kelishi iqlim o‘zgarishi allaqachon iqtisodiyot, suv va energetika xavfsizligi, odamlarning salomatligi va hayot sifatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taʼsir qiladigan omilga aylanib borayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. Ana shunday yangi xavf-xatarlarga birgalikda moslashish bo‘yicha uzoq muddatli yechimlarni topish muhimdir, – dedi davlatimiz rahbari.

Hamkorlikning o‘zgarmas ustuvor yo‘nalishlari orasida gumanitar aloqalarga alohida eʼtibor qaratildi. Mintaqa xalqlari asrlar davomida yonma-yon yashagan, savdo-sotiqni rivojlantirgan, bilim va madaniy anʼanalar bilan o‘zaro almashgan. Hamkorlik chuqurlashgani sari hamjihatlik tuyg‘usi ham mustahkamlanmoqda.

– Umummintaqaviy o‘ziga xoslik xalqlarimizning milliy o‘zligi saqlangan holda bosqichma-bosqich shakllanmoqda. Ishonchim komil, ushbu sohadagi ishlarning mohiyati sifat jihatidan o‘zgarishi xalqlarimiz o‘rtasidagi birlik, hamjihatlik va o‘zaro tushunish tuyg‘usini mustahkamlaydi, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.

O‘zbekiston Prezidenti nutqining yakunida umumiy kuchimiz – birlik, o‘zaro ishonch va birgalikdagi yaratuvchanlikka qatʼiy intilishda ekanini yana bir bor taʼkidladi.

Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon yetakchilari ham so‘zga chiqib, mintaqaviy hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan o‘z qarashlarini bayon qildilar.

Sammit yakunida Cho‘lponota deklaratsiyasi qabul qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish