O‘zbekiston Prezidenti: Musobaqa maydonida munosib raqib, hayotda esa yaxshi do‘st bo‘ling

Oktabr 27, 2026. 20:25 • 3 daq

• 170
O‘zbekiston Prezidenti: Musobaqa maydonida munosib raqib, hayotda esa yaxshi do‘st bo‘ling

TOSHKENT, 27-oktabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Olimpiya shaharchasida Prezident Olimpiadasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, stadionda hududiy terma jamoalar, shuningdek, 2026-yilgi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari g‘oliblari saf tortdi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ishtirokchilarni ikkinchi bor o‘tkazilayotgan Prezident Olimpiadasi bilan tabrikladi.

Joriy yilgi bellashuvlarda 3,5 mingdan ziyod yosh sportchi olimpiya va paralimpiya yo‘nalishidagi 26 ta sport turi bo‘yicha kuch sinashadi. Ularga 1,5 ming nafar murabbiy hamrohlik qilmoqda.

Prezidentimiz mamlakatimizda ommaviy sportdan professional sportgacha, iqtidorlarni saralashdan xalqaro musobaqalarga tayyorlashgacha bo‘lgan yaxlit tizim yaratilganini ta’kidladi. O‘tgan o‘n yilda o‘zbekistonlik sportchilar yirik xalqaro musobaqalarda 5 ming 518 ta, jumladan, 1 ming 675 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu avvalgi o‘n yillikka nisbatan uch baravar ko‘p. Medallarning uchdan biri sportchi qizlarimiz hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yaqinda Samarqandda o‘tkazilgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida yigitlarimiz ikkinchi bor g‘olib bo‘lgani qayd etildi. Yaponiyadagi XX yozgi Osiyo o‘yinlarida esa O‘zbekiston terma jamoasi 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida beshinchi o‘rinni egalladi.

Parasportchilarimizning matonati va mahorati ham yuqori baholandi. Ular Paraosiyo o‘yinlarida 45 ta oltin, 49 ta kumush va 51 ta bronza — jami 145 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi.

Davlatimiz rahbari sportchilar, ularning ustoz va murabbiylari hamda farzandlarining orzusini qo‘llab-quvvatlab kelayotgan ota-onalarga minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston yirik xalqaro musobaqalar o‘tkaziladigan sport markaziga aylanib borayotgani ta’kidlandi. So‘nggi to‘rt yilda mamlakatimizda jahon va Osiyo miqyosidagi 20 ga yaqin musobaqa tashkil etildi. Kelgusi yil sentyabr-oktyabr oylarida O‘zbekiston Ozarbayjon bilan birgalikda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatiga ilk bor mezbonlik qiladi.

Prezidentimiz yosh sportchilarga murojaat qilib, yuksak natijaga kuchli iroda, intizom va tinimsiz mehnat bilan erishilishini qayd etdi.

– O‘zingga ishon! O‘z ustingda ishla! O‘z yurtingga munosib bo‘l! Bu so‘zlar har biringizning hayotiy shioringizga aylansin, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezident Olimpiadasi ishtirokchilari uchun yangi imkoniyat va rag‘batlar e’lon qilindi. Kelasi yildan g‘olib va sovrindorlarning pul mukofotlari 2,5 baravar oshiriladi: birinchi o‘rin uchun 25 million so‘m, ikkinchi o‘rin uchun 12 million so‘m, uchinchi o‘rin uchun 6 million so‘m beriladi.

Musobaqada g‘olib bo‘lib, O‘zbekiston rekordini yangilagan maktab bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalarining sport yo‘nalishlariga imtihonsiz, davlat granti asosida qabul qilinadi. Kelgusida sport turlari 35 taga yetkazilib, unda 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar qatnashadi.

Har yili Olimpiada g‘oliblaridan 50 nafari xorijdagi xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga yuboriladi. Kelasi yildan g‘oliblarga bir yillik stipendiya tayinlanadi. O‘z yo‘nalishida eng yaxshi natijaga erishgan sport maktablari zarur jihozlar bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, poytaxtdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyi Olimpiya shaharchasiga ko‘chirilishi ma’lum qilindi. Bu yosh sportchilarga chempionlarimiz tarixi va yutuqlari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

Prezidentimiz yoshlarni ochilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga, halol bellashishga, ota-ona va ustozlarini qadrlashga da’vat etdi.

– Musobaqa maydonida munosib raqib, hayotda esa yaxshi do‘st bo‘ling, – dedi davlatimiz rahbari.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yilgi Prezident Olimpiadasini ochiq deb e’lon qildi. Davlat madhiyasi yangradi.

Marosim konsert dasturi bilan davom etdi. Tadbir yakunida Prezident Olimpiadasining mash’alasi yoqildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish