O‘zbekiston Prezidenti: Oilasining baxtini ko‘rish, halol mehnat qilib, orzulariga yetish, umrini mazmunli o‘tkazish uchun odamga, avvalo, sog‘liq kerak
Oktabr 27, 2026. 16:45 • 6 daq
• 250TOSHKЕNT, 27-oktabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Ko‘ksaroy qarorgohida tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan kasb bayrami bilan tabriklab, inson salomatligini asrash yo‘lidagi mehnati uchun minnatdorlik bildirdi.
– Oilasining baxtini ko‘rish, halol mehnat qilib, orzulariga yetish, umrini mazmunli o‘tkazish uchun odamga, avvalo, sog‘liq kerak. Shu bois, inson salomatligini asrashni islohotlarimizning eng muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilaganmiz, – dedi Prezidentimiz.
So‘nggi o‘n yilda 10 million aholiga xizmat ko‘rsatadigan yangi poliklinika va shifoxonalar ishga tushirildi, 58 ming shifo o‘rni yaratildi. Zamonaviy muassasalar ko‘payishi va xususiy sektor rivojlanishi natijasida tibbiy xizmatlar hajmi uch karra oshdi. Ilgari faqat chet elda bajarilgan tug‘ma yurak nuqsonlarini davolash, a’zolar transplantatsiyasi, robot jarrohligi va bosh miyadagi murakkab amaliyotlar kabi yuzdan ziyod xizmat bugun mamlakatimizda ko‘rsatilmoqda.
Farmatsevtika mahsulotlariga ehtiyojning 70 foizini ichki imkoniyatlar hisobidan qoplash maqsad qilingan. So‘nggi yillarda sohada 1 milliard dollarlik 330 ta yangi farmatsevtika quvvati ishga tushirildi. Hududlarda farmatsevtika erkin iqtisodiy zonalari tashkil etilib, ularda 1 milliard 200 million dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz bu o‘zgarishlarda 800 mingdan ziyod tibbiyot va farmatsevtika xodimining munosib hissasi borligini ta’kidladi. Yaqinda soha fidoyilarining bir guruhini davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risida farmon imzolandi. Uchrashuvda orden va medallar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Davlatimiz rahbari inson salomatligini asrash, ilg‘or ilmiy ishlanmalar va davolash usullarini joriy etishda boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan tibbiyot xodimlari uchun “Ibn Sino” ordenini ta’sis etishni taklif qildi.
Uchrashuvda birlamchi tibbiy yordam sifatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bu borada 28 ta tumanda sinovdan o‘tkazilgan yangi tizim doirasida 7 million aholi oilaviy shifokorlarga nomma-nom biriktirildi. Laboratoriyalar ishga tushirildi, shifokor va hamshiralar o‘qitildi, bemorlarning tibbiy yordam olish tartibi belgilandi. Kafolatlangan tibbiy xizmatlar to‘plami doirasida ambulator bemorlarga 69 turdagi dori vositasi bepul berilmoqda. Ushbu model kelasi yildan yana 100 ta tumanda joriy etiladi.
Kasalliklarning oldini olish va ularni erta aniqlash ishlari ham kengaytiriladi. Oshqozon, yo‘g‘on ichak, prostata bezi va o‘pka saratonini erta aniqlash ishlari Samarqanddan boshlanib, 2028-yildan barcha hududlarda yo‘lga qo‘yiladi. Qandli diabet, sil, yurak-qon tomir kasalliklari, ayollardagi o‘smalar va bolalardagi onkogematologik xastaliklarni erta aniqlash dasturlari davom ettiriladi.
Besh hududda infarkt va insultni erta aniqlash hamda davolash dasturi natijasida ushbu kasalliklardan erta o‘lim besh oyda 15 foizga kamaydi. Kasallik boshlanishidagi “oltin soat”da 855 nafar inson erta o‘lim va nogironlik asoratlaridan saqlab qolindi.
Kelasi yil dastur bilan barcha tuman va shaharlar qamrab olinadi. Aholi uchun bepul beriladigan dori vositalari turi 73 taga, tibbiy tekshiruvlar turi 36 taga yetkaziladi.
Sohada ta’lim, qurilish, sanitariya-gigiyena, bemorlar xavfsizligi va xodimlar madaniyatini qamrab oladigan “Yangi O‘zbekiston tibbiyot standartlari” joriy etiladi. Birlamchi bo‘g‘in xodimlari bosqichma-bosqich maxsus kiyim-bosh bilan bepul ta’minlanadi. Eng yaxshi shifokor va hamshiralarni rag‘batlantirish kengaytirilib, viloyat bosqichida g‘olib bo‘lgan 14 nafar shifokor elektromobil bilan taqdirlanadi. Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiladigan eng yaxshi o‘nta loyiha muallifiga 200 million so‘mdan grant beriladi.
Tibbiy xizmat sifati, avvalo, kadrlar tayyorgarligiga bog‘liqligi qayd etildi.
– Qancha zamonaviy klinikalar qurmaylik, eng so‘nggi uskunalarni olib bermaylik, malakali xodimlarsiz natija bo‘lmaydi, – dedi Prezidentimiz.
Hozir 11 ta davlat oliygohida yiliga 15 ming shifokor tayyorlanmoqda. Kelasi yildan talabalar haftada uch kun bemor bilan ishlashni o‘rganadi, bitiruvchilar esa oxirgi o‘quv yilini to‘liq tibbiyot muassasasida amaliyotda o‘tkazadi. Bakalavriatni bitirgan hamshira va tibbiyot og‘asiga 1,5 million so‘m, magistraturani tugatganlarga 2,5 million so‘m qo‘shimcha ustama to‘lanadi. 2027-yildan tor soha mutaxassisliklari bo‘yicha rezidenturada o‘qish bepul bo‘ladi.
Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga xususiy sektor ham jalb qilinadi. Birlamchi bo‘g‘in va tumanlardagi xodimlarning o‘qish xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi kelasi yil 1-iyuldan dastlab ixtiyoriy asosda yo‘lga qo‘yilib, 2030-yildan majburiy bo‘ladi. Ro‘yxatdan o‘tgan shifokor, farmatsevt va hamshiralarga ustama to‘lanadi.
Yangi tibbiyot muassasalari aholi soni va hududlarning joylashuvidan kelib chiqib, master-reja asosida tashkil etiladi. Davlat shifoxonalarida tadbirkorlarga zamonaviy uskunalar o‘rnatish uchun joy ajratilib, ko‘rsatilgan xizmatlarga sug‘urta tizimi orqali haq to‘lanadi. Gemodializ, laboratoriya, sterilizatsiya, reabilitatsiya va fizioterapiya xizmatlarini xususiy sektordan xarid qilish kengaytiriladi.
Kelasi yil har bir hududga kamida 150 million dollar investitsiya va grant jalb qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Genomika, hujayra va biotexnologiyalar rivojlanishi bilan birga tibbiy tadqiqotlarda inson huquqlarini himoya qilish zarurligi ta’kidlandi.
– Inson hayoti va salomatligi bilan bog‘liq tadqiqotlarda uning huquqi, roziligi va qadr-qimmati birinchi o‘rinda turishi shart, – dedi Prezidentimiz.
Buning uchun bioetika va biotexnologiya sohalarining huquqiy asoslari mustahkamlanadi. Garvard tibbiyot maktabi bilan hamkorlikda irsiy kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanib, genetik tekshiruv joriy etiladi.
Ixtisoslashgan markazlar tajribasini hududlarga yetkazish maqsadida jarroh, anesteziolog, reanimatolog, assistent va hamshiralardan iborat yaxlit jamoalar joylarga yuboriladi. Hududlardagi tibbiyot guruhlari esa markazlarda uch-to‘rt oylik stajirovkadan o‘tadi.
Kelasi yildan 26 ta ixtisoslashgan markaz direktori bilan bir yillik kontrakt tuziladi. Ularning faoliyati sohadagi yangiliklar, quyi bo‘g‘in xodimlari malakasini oshirish va ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etishga qarab baholanadi. Shifoxona va poliklinikalar ishiga aholining o‘zi baho beradigan mexanizm yo‘lga qo‘yiladi. Shifokor va hamshiralar ish haqini belgilashda aholining tibbiy xizmatdan qoniqish darajasi asosiy mezon bo‘ladi.
Kelgusi yildan kardiologiya, gepatologiya, oftalmologiya va gematologiya kabi yo‘nalishlarda o‘nta sun’iy intellekt tizimi ishga tushiriladi.
Shifokorlar assotsiatsiyalarining faoliyatini jonlantirish, ularning rahbarlarini a’zolar tomonidan ikki-uch yilga saylash tizimiga o‘tish zarurligi ham qayd etildi.
Uchrashuvda tibbiyot xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari e’lon qilindi. Sohada kamida 15 yil ishlagan xodimlarning ipoteka kreditining bir qismini qoplash uchun 50 milliard so‘m ajratildi. Kelasi yil shu imkoniyat orqali ming nafar tibbiyot xodimi yangi uyga ko‘chib o‘tadi. Har yili 500 nafar yosh xodimning ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplanadi. Olis hududlarda ishlaydigan shifokorlarning oylik qo‘shimcha ustamasi 4,5 million so‘mga oshirilib, u yerda ish boshlaganlarga 50 million so‘m bir martalik rag‘bat puli beriladi.
Xorijiy klinikalarda tajriba orttirgan vatandosh shifokorlarni mamlakatimizga jalb etish uchun ham yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Ularga 50 million so‘mgacha oylik ustama to‘lanadi, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan ish joyi va o‘z jamoasini shakllantirish imkoniyati yaratiladi.
Uchrashuvda soha vakillarining taklif va tashabbuslari tinglandi. Mutasaddilarga belgilangan vazifalarni amalga oshirish va bildirilgan takliflar ustida birgalikda ishlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
– Men bir narsani so‘rayman: har bir tibbiyot xodimi o‘ziga savol bersin – bugun inson salomatligi uchun kechagidan ko‘ra ko‘proq nima qila oldim? Agar har birimiz shu savolga javob qidirib ishlasak, tibbiyotimizda ham, xalqimizning salomatligida ham katta o‘zgarishlar bo‘ladi, – dedi Prezidentimiz yakunda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

