O‘zbekiston Prezidentining Buxoro viloyatiga tashrifi boshlandi

Noyabr 03, 2026. 12:45 • 2 daq

• 214
O‘zbekiston Prezidentining Buxoro viloyatiga tashrifi boshlandi

TOSHKЕNT, 3-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun bunyodkorlik ishlarining borishi va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishish uchun Buxoro viloyatiga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tashrif Kogon tumanida joylashgan Bahouddin Naqshband maqbarasi ziyoratidan boshlandi. Bu yerda Qur’on tilovat qilinib, xalqimizga tinchlik va farovonlik tilab, duo qilindi.

Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband XIV asrda yashab o‘tgan buyuk alloma, tasavvufdagi naqshbandiya tariqatining asoschisidir. Uning maqbarasi atrofida asrlar davomida shakllangan me’moriy majmua bugun ham islom olamidagi e’zozli ziyoratgohlardan biri hisoblanadi.

Har kuni o‘rtacha 15 mingga yaqin kishi ziyorat qilayotgan Bahouddin Naqshband me’moriy majmuasi “Ipak yo‘li: Zarafshon – Qoraqum koridori” tarkibida YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

So‘nggi yillarda majmuaning tarixiy qiyofasini asrash va ziyoratchilarga qulaylik yaratish bo‘yicha ishlar olib borildi. XV asr chizmalari asosida “Doniyolbiy otaliq” madrasasi va “Toqi miyona” darvozasi ta’mirlandi, muzey ekspozitsiyasi hamda ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.

Prezidentimiz Buxoro asrlar davomida ma’rifatli islom taraqqiyotida muhim o‘rin tutib kelganini ta’kidladi. Bu boy ma’naviy merosni chuqur o‘rganish va undan yoshlar tarbiyasida samarali foydalanish, ularni ilm-ma’rifatga undash zarurligini qayd etdi.

– Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy bobolarimiz nomi bilan bog‘liq majmualar – bularning barchasi bir maqsadga xizmat qiladi: buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosini davom ettirish va yoshlarimizni shu ruhda tarbiyalash, – dedi davlatimiz rahbari.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish