Pekindan munosabat: O‘zbekiston va Iordaniya siyosiy muloqotdan amaliy iqtisodiy hamkorlik sari dadil ildamlamoqda

Noyabr 27, 2026. 10:30 • 3 daq

• 79
Pekindan munosabat: O‘zbekiston va Iordaniya siyosiy muloqotdan amaliy iqtisodiy hamkorlik sari dadil ildamlamoqda

PEKIN, 27-noyabr. /“Dunyo” AA/. Iordaniyaning Xitoydagi elchisi Hussam al-Husayniy “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 23–24-noyabr kunlari Iordaniyaga amalga oshirgan davlat tashrifi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Iordaniyaga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, siyosiy muloqotni amaliy iqtisodiy hamkorlik bilan boyitish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.

O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilib, siyosiy muloqot izchil ravishda savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi bilan boyib bormoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ammon shahriga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash va uni aniq amaliy natijalar bilan to‘ldirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Mazkur tashrif 2025-yil avgust oyida Iordaniya Podshohi Abdulla IIning Samarqandga safari chog‘ida boshlangan faol diplomatik muloqotning mantiqiy davomi bo‘ldi. O‘shanda ikki mamlakat o‘rtasida 15 ta hujjat imzolangan bo‘lsa, bu galgi muzokaralar iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va mavjud kelishuvlarni amaliy mexanizmlar bilan mustahkamlashga qaratildi.

Ikki tomonlama munosabatlarda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. 2025-yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 12 million AQSH dollarini tashkil etdi. Ayni paytda Iordaniya har yili katta miqdorda to‘qimachilik va kimyo mahsulotlari, mashina hamda uskunalar import qiladi. O‘zbekiston eksportining 94,2 foizi oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, qandolat mahsulotlari va quritilgan mevalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bu holat ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aloqalarini yangi yo‘nalishlar hisobiga diversifikatsiya qilish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi. Jumladan, o‘zbek sanoat mahsulotlarining Iordaniya bozoriga kirib borishini kengaytirish, o‘zaro yetkazib berish hajmini oshirish va ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish dolzarb vazifalardan hisoblanadi.

Farmatsevtika sohasidagi hamkorlik istiqbolli yo‘nalishlardan biridir. Iordaniya dori vositalarini ishlab chiqarish va xalqaro bozorlarga yetkazib berish bo‘yicha muayyan tajribaga ega. Ushbu salohiyatdan foydalanish O‘zbekistonda farmatsevtika ishlab chiqarishini mahalliylashtirish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar turini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Ammondagi yuqori darajadagi uchrashuvlar O‘zbekiston–Iordaniya munosabatlarida siyosiy ishonchni aniq iqtisodiy kelishuvlar, sanoat kooperatsiyasi va savdo mexanizmlari bilan mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Endilikda asosiy vazifa erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, tadbirkorlarni yangi imkoniyatlardan keng foydalanishga jalb etish va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini sezilarli darajada oshirishdan iborat.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish