O‘zbekiston Prezidenti poytaxtimizning Kichikariq mahallasida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari va aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi
Sentabr 11, 2026. 18:20 • 4 daq
• 73
TOSHKENT, 11-sentabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun poytaxtimizning Olmazor tumanidagi Qichqiriq mahallasida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari va aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, tashkil topganiga o‘ttiz yildan oshgan ushbu mahallada 23 ta ko‘p qavatli uy joylashgan. 1 ming 416 ta xonadonda 5 ming 400 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.
Prezidentimizning 2024-yil 25-iyundagi “Mahallalarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va qiyofasini tubdan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilgan o‘zgarishlar natijasida mahalla bugun butunlay yangi qiyofa kasb etdi.
“Obod mahalla” davlat dasturi doirasidagi ushbu loyihaga mahalliy byudjetdan 71,4 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada hudud zamonaviy “yashil” shaharsozlik muhitini o‘zida mujassam etgan haqiqiy ekologik mahallaga aylandi.
Eng katta yangiliklardan biri Qichqiriq kanali qirg‘og‘i bo‘ylab barpo etilgan sayilgoh bo‘ldi. Uning uzunligi 2,4 kilometrni tashkil etadi. Suv bo‘yi hududi aholi tunu kun hordiq chiqaradigan shinam va ozoda maskanga aylantirildi.
Bu yerda 12,4 kilometr uzunlikda piyodalar yo‘lagi yotqizildi, qo‘shimcha yashil hudud tashkil etildi. Suv havzasi ustida muhtasham ayvon, 14 ta shiypon, charxpalak va favvoralar qurildi.
Bugun mahallada 6,5 mingga yaqin manzarali va mevali daraxt parvarish qilinmoqda. Turar joylarning tashqi ko‘rinishi ham yangilandi. Aholi dam olishi uchun yuzlab o‘rindiqlar, yoritish chiroqlari o‘rnatildi.
Bu yerda yoshlar uchun ham barcha sharoit yaratildi. 12 ta vorkaut maydonchasi va 3 ta futbol maydoni barpo etildi, kutubxonalar foydalanishga topshirildi.
Tadbirkorlik ham jadal rivojlanib, 47 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Yangi loyihalar hisobiga 61 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Davlatimiz rahbari shu yerning o‘zida aholi bandligini taʼminlash va kambag‘allik bilan ishlash bo‘yicha masʼullarga ko‘rsatmalar berdi.
Qichqiriq mahallasida ham bu borada o‘ziga xos tizim yo‘lga qo‘yilmoqda.
Masalan, mahalla fuqarosi Gulnora G‘oyipova kulolchilik to‘garagi va to‘quvchilik sexi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Bu yerga mahalladagi ishsiz yoshlar va xotin-qizlar jalb etilib, “Usta-shogird” anʼanasi asosida hunar o‘rganmoqda.
Shuningdek, hududda respublikada birinchilardan bo‘lib zamonaviy minorali avtoturargoh o‘rnatildi. Ushbu 8 qavatli inshoot lift prinsipida ishlaydi. Markazdagi lift avtomobilni qabul qilib, uni o‘ng va chap tomondagi bo‘sh joylarga joylashtiradi. Natijada atigi bir juft mashina sig‘adigan kichik yer maydonida 16 ta avtomobilni bemalol saqlash imkoni yaratildi.
Bundan tashqari, madaniy hordiq chiqarish, turli jamoatchilik tadbirlarini o‘tkazish va mahalla ahlini birlashtirish maqsadida shinam amfiteatr ham barpo etildi.
Bu yerda mavjud 2 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida ham keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbari ushbu muassasalardan biri – 441-bog‘chada yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi.
Ushbu maskan 1976-yilda qurilgan bo‘lib, uning hududi tubdan kengaytirildi. Muassasaning bo‘sh turgan maydonida jami 450 o‘rinli 2 ta yangi bino barpo etildi. Natijada bog‘chaning umumiy quvvati 835 o‘ringa yetkazildi.
Muassasada bolajonlar salomatligiga alohida eʼtibor qaratilgan. Bolalar immunitetini mustahkamlash va nafas yo‘llari kasalliklarining oldini olish maqsadida maxsus tuz xonasi tashkil etildi.
Bundan tashqari, kichkintoylarning har tomonlama rivojlanishi uchun ingliz tili, mental arifmetika, tasviriy sanʼat, musiqa, badiiy gimnastika, shaxmat hamda taekvondo bo‘yicha qo‘shimcha to‘garaklar yo‘lga qo‘yilmoqda.
Prezidentimizga muassasada bolalar uchun yaratilgan “O‘zbek tilini o‘ynab o‘rganamiz” maxsus interaktiv platformasining imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.
Ushbu maxsus interaktiv platforma bolajonlarning davlat tilini qiziqarli o‘yinlar va raqamli texnologiyalar orqali oson o‘zlashtirishi uchun katta imkoniyat yaratadi. Platformadan mashg‘ulot jarayonida bolalarda mustaqil fikrlash, hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish, kasblar bilan tanishishda ham foydalanish mumkin.
Shuningdek, bog‘chada tashkil etilgan yo‘l harakati xavfsizligi to‘garagi faoliyati bilan ham tanishildi. Bu kabi to‘garaklar faoliyatini boshqa maktabgacha taʼlim muassasalarida ham ommalashtirish, bolalarni yo‘l harakati xavfsizligi madaniyatiga bog‘cha paytidanoq o‘rgatib borish muhimligi taʼkidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi