O‘zbekiston Prezidenti chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalarining borishini ko‘rib chiqdi

Sentabr 10, 2026. 20:20 • 3 daq

78
O‘zbekiston Prezidenti chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalarining borishini ko‘rib chiqdi

TOSHKENT, 10-sentabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, ularni qayta ishlash va elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda ekologik barqarorlikni taʼminlash, maishiy chiqindilarni qayta ishlash va poligonlarga yuklamani kamaytirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur yo‘nalishda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, chiqindilarni iqtisodiy resursga aylantirish va sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini keng tatbiq etish muhim ahamiyatga ega.

Shu maqsadda 2026-2027-yillarda chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha 6 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish belgilangan. Ularning umumiy qiymati 933 million dollarni tashkil etadi. Loyihalar Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

1 sentyabr holatiga ko‘ra, ushbu loyihalar doirasida 286,8 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan. Mahalliy mahsulot va xizmatlar xaridi 76,6 million dollarga yetgan. Qurilish ishlariga 2 ming nafar mahalliy ishchi jalb etilgan.

Loyihalar Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida amalga oshiriladi. Qashqadaryo va Samarqanddagi zavodlarni 2026 yilda, qolgan hududlardagi quvvatlarni 2027 -yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.

Korxonalar to‘liq ishga tushgach, yiliga 3,6 million tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanadi hamda 1,6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, “nol chiqindi” tamoyiliga bosqichma-bosqich o‘tish, poligonlarga yuklamani kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash imkoni kengayadi.

Taqdimotda chiqindilardan energiya olish bo‘yicha Singapur, Janubiy Koreya, Xitoy kompaniyalarining yana 5 ta istiqbolli investitsiya loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Ularning umumiy qiymati 625 million dollar bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlarida amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Ushbu loyihalar natijasida yiliga 1,9 million tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanib, 635 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, 158 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinib, issiqxona gazlari hajmi 316 ming tonnaga kamaytiriladi.

Mutasaddilar poligonlar va chiqindi yoqish zavodlarini tashkil etish xarajatlari, yer maydonlariga ehtiyoj, byudjet tushumlari va ekologik samaradorlik bo‘yicha taqqoslama tahlillarni taqdim qildi. Xorijiy tajriba asosida chiqindilarni atrof-muhitga minimal darajada taʼsir ko‘rsatgan holda yoqish va investorlar majburiyatlari bo‘yicha asosiy shartlar ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari loyihalarni jadallashtirish, investorlar uchun zarur infratuzilma va tashkiliy sharoitlarni yaratish, mahalliylashtirish darajasini oshirish hamda sohada malakali kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.

Bu borada “Green University”, Samarqand davlat universiteti va Qarshi davlat universiteti bilan hamkorlikda chiqindi yoqish zavodlari uchun 1 ming nafar mutaxassisdan iborat kadrlar zaxirasini shakllantirish vazifasi belgilandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish