Londonda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan rasmiy qabul marosimi o‘tkazildi
Sentabr 11, 2026. 17:30 • 2 daq
• 38LONDON, 11-sentabr. /“Dunyo” AA/. London shahrida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan rasmiy qabul marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda xorijiy mamlakatlarning Britaniyadagi elchilari va diplomatik vakolatxonalari xodimlari, Buyuk Britaniya hukumati va parlamenti, ishbilarmon hamda akademik doiralar vakillari, shuningdek, vatandoshlarimiz ishtirok etdi.
Tantanali marosimning bosh mehmoni Buyuk Britaniya Parlamenti Jamoalar palatasi spikeri Lindsi Xoyl bo‘ldi. U o‘z nutqida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanayotganini hamda savdo-iqtisodiy, taʼlim, madaniy va boshqa sohalardagi hamkorlik ko‘lami kengayayotganini alohida eʼtirof etdi.
Spiker, shuningdek, Londonda O‘zbekiston Milliy investitsiya fondining (UzNIF) IPOsi muvaffaqiyatli o‘tkazilganini qayd etib, buni mamlakatimiz Prezidenti rahnamoligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning muhim amaliy natijasi sifatida baholadi.
Qabul marosimi doirasida O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi sanʼatkorlar delegatsiyasi ishtirokida boy madaniy dastur namoyish etildi. Mehmonlar oldida O‘zbekiston xalq artistlari Sevara Nazarxon va Toir Qo‘ziyev, xonanda Bahrom Nazarov, “Doppi Twins” guruhi hamda milliy raqs ansambli o‘z chiqishlarini taqdim etdilar.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistondan maxsus taklif etilgan oshpazlar jamoasi tomonidan tayyorlangan milliy taomlarimiz tortiq qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



