O‘zbekiston Prezidenti ta’limdagi islohotlar natijalari va zamonaviy ilmiy infratuzilma bilan tanishdi

Sentabr 30, 2026. 15:15 • 2 daq

• 196
O‘zbekiston Prezidenti ta’limdagi islohotlar natijalari va zamonaviy ilmiy infratuzilma bilan tanishdi

TOSHKЕNT, 30-sentabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida “Yangi O‘zbekiston” universitetiga tashrif buyurib, ta’lim sohasidagi islohotlar va kelgusidagi rejalarga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi dastlab yurtimizda ta’limning uzviyligini ta’minlash borasidagi ishlar, erishilgan natijalar va kelgusi rejalar taqdimotini ko‘zdan kechirdi. “Maktabgacha ta’lim”, “Maktab ta’limi”, “Iqtidorli maktab o‘quvchilari”, “Professional ta’lim” va “Oliy ta’lim” pavilonlarida bolaning ilk yoshidan kasb egallashiga qadar bo‘lgan ta’lim bosqichlaridagi islohotlar namoyish etilgan.

Mamlakatimiz yetakchisi universitetning o‘quv va ilmiy infratuzilmasi bilan tanishdi. “Kelajak muhandislari” maydoni, Bloomberg laboratoriyasi, fizika o‘quv laboratoriyasi, muhandislik fanlari o‘quv zali va Apple Training Center o‘quv markazida talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida axborot berildi.

Shuningdek, Idrock sun’iy intellekt klasteri, biotexnologiya va bioinformatika laboratoriyasi, materialshunoslik, lazer va nanotexnologiyalar hamda ADM mashinasozlik laboratoriyalarining faoliyati namoyish etildi. Bu maydonlar talabalarning nazariy bilimini amaliy mashg‘ulotlar, tadqiqot va loyihalar bilan bog‘lashga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari universitetning professor-o‘qituvchilari va talabalari, xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish bo‘yicha xorijlik hamkorlari bilan suhbatlashdi.

Tashrif davomida Prezidentimiz mamlakatimizning faol va tashabbuskor o‘qituvchi hamda murabbiylari bilan esdalik uchun suratga tushdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish