Buyuk Britaniya bosh vaziri mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qaytishi mumkinligini bildirdi
Sentabr 30, 2026. 17:00 • 3 daq
• 126
LONDON, 30-sentabr. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniya bosh vaziri Endi Byornem mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qaytishi blok bilan kelajakdagi munosabatlarning variantlaridan biri sifatida ko‘rib chiqilishi mumkinligini aytdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“BBC”ga bergan intervyusida Endi Byornem hozirgi “Brexit” kelishuvi Buyuk Britaniyaga “foydadan ko‘ra ko‘proq zarar” keltirgani va hukumat Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarda qanday o‘zgarishlarni amalga oshirish mumkinligini aniqlashi kerakligini ta’kidladi.
Uning fikricha, London munosabatlarning amaldagi shaklini saqlab qolishi, bojxona ittifoqi yoki Yevropa Ittifoqining yagona bozoriga qaytishni ko‘rib chiqishi yoki yanada ilgarilab, hatto Yevropa Ittifoqiga a’zolikni to‘liq tiklashi ham mumkin.
Endi Byornemning ta’kidlashicha, variantlarning har biri amalga oshirish imkoniyati, afzalliklari va ehtimoliy oqibatlari nuqtayi nazaridan baholanishi kerak.
“Biz turgan joyimizda qolishimiz mumkin. Bu, albatta, variantlardan biri”, – dedi bosh vazir, bojxona ittifoqi, yagona bozorga qaytish yoki oxirigacha borish variantini ham ko‘rib chiqish mumkinligini qo‘shimcha qilib.
Endi Byornem noyabr oyi oxirida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya sammitida Buyuk Britaniyaning Yevropa bilan uzoq muddatli munosabatlarining turli variantlarini taqdim etish niyatida. Avvalroq u ushbu uchrashuvdan Yevropa bloki bilan yanada aniqroq hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish uchun foydalanish niyatida ekanligini ma’lum qilgan edi.
Bu bayonot 2024-yilgi saylovlardan keyin Leyboristlar partiyasi pozitsiyasida sezilarli o‘zgarish bo‘ldi. Saylovoldi manifestida partiya “Brexit”ni amalga oshirishni yaxshilash tarafdori edi, ammo mamlakatning bojxona ittifoqi va Yevropa Ittifoqining yagona bozoriga qaytishini istisno qilgandi.
Avvalroq, sentyabr oyida Endi Byornem keyingi parlament saylovlarida mamlakatni Yevropa Ittifoqiga qaytarish taklifi bilan chiqish imkoniyatini istisno qilmagan edi. Shu bilan birga, u parlamentga qaytishidan oldingi kampaniyada “Brexit” atrofidagi bahslarni qayta ochish niyatida emasligini va Yevropa Ittifoqiga qaytishni ko‘rib chiqishni taklif qilmayotganini aytgandi.
Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish g‘oyasi allaqachon muxolifat tomonidan tanqidga uchradi. Konservatorlar hukumatni “Brexit” atrofidagi qarama-qarshilikni qayta ochishga urinishda aybladi. “Reform UK” vakillari esa bosh vazir Buyuk Britaniyani Yevropa tuzilmalariga “orqa eshik orqali” qaytarishga urinayotganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniya 2016-yilgi referendumdan so‘ng (unda ko‘pchilik “Brexit” uchun ovoz bergan edi), 2020-yil yanvar oyida Yevropa Ittifoqidan chiqdi. Chiqishdan so‘ng London va Bryussel alohida savdo va siyosiy munosabatlarni o‘rnatdi.
Kir Starmer davridagi Leyboristlar partiyasining avvalgi rahbariyati Yevropa Ittifoqi bilan cheklangan yaqinlashuvni, jumladan, oziq-ovqat standartlari, yoshlar harakatchanligi va uglerod bozori sohasida hamkorlikni yoqlab chiqqan, ammo yagona bozor yoki bojxona ittifoqiga qaytish masalasini ko‘tarmagan edi.
Sentyabr oyida sobiq bosh vazir Toni Bler ham Buyuk Britaniyani keyingi o‘n yil ichida Yevropa blokiga qaytish ustida ishlashga chaqirdi.
“Reuters” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi