Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining to‘rtinchi biznes forumi ishtirokchilariga murojaati
Sentabr 30, 2026. 19:10 • 4 daq
• 99
(2026-yil 30-sentabr)
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Qadrli do‘stlar!
Sizlarni O‘zbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining Xorazm zaminida – go‘zal Xivada o‘tkazilayotgan to‘rtinchi biznes forumining ochilishi bilan samimiy qutlayman.
Bu noyob shahar asrlar davomida Buyuk ipak yo‘lining eng muhim markazlaridan biri bo‘lib kelgan. Bu yerda turli madaniyatlar bir-birini boyitgan, savdo va hunarmandchilik rivojlangan, yangi g‘oya va texnologiyalar paydo bo‘lgan.
Bugun mehmondo‘st Xiva yana ochiq muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlik makoniga aylanib borayotgani chuqur ramziy ma’noga ega.
Aziz do‘stlar!
O‘zbek va belarus xalqlarini mustahkam do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch rishtalari bog‘lab turadi. Keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yanada jadal rivojlanib, yangi amaliy ma’no-mazmun bilan boyidi.
Davlatlarimiz o‘rtasida joriy yil 9-iyul kuni Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolanishi katta siyosiy ahamiyatga molik voqea bo‘ldi. Ushbu muhim hujjat va 2026–2030-yillarda savdo-iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi hamkorligimizning uzoq muddatli yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Belarus sanoat va qishloq xo‘jaligi, savdo va investitsiyalar, transport va logistika, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va turizm sohalarida muvaffaqiyatli hamkorlik qilmoqda.
O‘tgan yil yakuni bo‘yicha o‘zaro savdo hajmi 1 milliard dollarga yaqinlashdi. Bizning umumiy vazifamiz – 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni ikki barobar oshirishdan iborat. Ushbu maqsadga erishish uchun mamlakatlarimiz iqtisodiyotining bir-birini to‘ldiradigan imkoniyatlaridan yanada faol foydalanish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, ikki mamlakat hududlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash muhimdir.
Bu ishlarda tadbirkor ayollar faol ishtirok etayotgani quvonarlidir. Ular yangi bozorlarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirmoqda, zamonaviy texnologiyalarni joriy etmoqda, talab yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish va xizmatlarni rivojlantirmoqda. Shu bois xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashni biz nafaqat muhim ijtimoiy vazifa, balki eng avvalo, mamlakatlarimizning iqtisodiy o‘sishi, innovatsion rivojlanishi va raqobatbardoshligini oshirishning muhim omili deb bilamiz.
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Ushbu uchrashuv O‘zbekiston va Belarus ishbilarmon ayollari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri va ochiq muloqot olib borish an’anasini davom ettiradi.
2023-yildan buyon forumlar Minsk, Toshkent va Vitebskda muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ularning yakunlari bo‘yicha imzolangan bitimlar, o‘rnatilgan ishbilarmonlik aloqalari va shakllantirilgan tashabbuslar portfeli bunday formatga bo‘lgan ehtiyojni ishonchli tarzda tasdiqladi.
Bugun navbatdagi qadamni qo‘yish – muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan alohida loyihalardan tizimli va uzoq muddatli hamkorlikka o‘tish muhim ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning bilim va zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, bandligini kengaytirish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.
Birgina o‘tgan yilning o‘zida ushbu maqsadlar uchun 23,5 trillion so‘m yoki qariyb ikki milliard dollar qiymatidagi mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada 425 mingdan ziyod xotin-qizlar ishli bo‘lib, o‘z biznesini boshladi. Bu ko‘rsatkichlar zamirida daromad manbai, o‘z bilim va qobiliyatlarini yanada to‘liq ro‘yobga chiqarish imkoniyati, ertangi kunga ishonch paydo bo‘lgan odamlar hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar mujassamdir.
Biz Belarus rahbariyatining xotin-qizlarning ishlab chiqarish va ilmiy faoliyat, tadbirkorlik va ijtimoiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish borasidagi izchil siyosatini, shuningdek, mamlakatda 2026-yilning “Belarus ayoli yili” deb e’lon qilinganini yuksak qadrlaymiz. Bularning barchasi ushbu sohadagi maqsad va yondashuvlarimiz yaqin ekanini yaqqol tasdiqlaydi.
Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish sohasida ikki mamlakatning tajribasi va salohiyatidan birgalikda foydalanish ko‘p qirrali O‘zbekiston – Belarus hamkorligini yanada mustahkamlashga yangi turtki beradi, deb ishonaman.
Qadrli do‘stlar!
Ushbu forumning boy dasturi sanoat kooperatsiyasi va investitsiyalar, agrosanoat majmuasi va biotexnologiyalar, raqamli yechimlar, turizm va ijtimoiy-gumanitar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini qamrab olgan.
“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” va “Belarusda ishlab chiqarilgan” degan yorliqlar ostida milliy mahsulotlar ko‘rgazmalari nafaqat o‘z yutuqlarini namoyish etish, balki yangi hamkorlar topish uchun ham yaxshi imkoniyatdir.
Ikki mamlakat hukumatlari, parlamentlari, hududlari, banklari va ishbilarmon doiralari forum doirasida ilgari surilgan istiqbolli g‘oya va tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishi hamda erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlashi lozim.
Yangi ish boshlayotgan tadbirkor ayollarni o‘qitish, mentorlik va elektron savdoni rivojlantirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga olib chiqish alohida e’tiborga loyiqdir.
Forumning yakuniy qarorlari kelgusida birgalikda ishlash uchun mustahkam asos bo‘ladi, deb umid qilamiz.
Ishonchim komil, O‘zbekiston va Belarus xotin-qizlarining bilimi, kuch-g‘ayrati va ishbilarmonlik borasidagi faolligi bundan buyon ham davlatlarimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Forumning barcha ishtirokchilariga samarali faoliyat va yangi yutuqlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi