Logo

O‘zbekiston Prezidenti Samarqandga tashrif buyurdi va Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

May 03, 2026. 17:05 • 2 daq

321
O‘zbekiston Prezidenti Samarqandga tashrif buyurdi va Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

TOSHKENT, 3-may. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Samarqandga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, ezgu qadriyatlarimizga muvofiq, avvalo, Imom Buxoriy majmuasi ziyorat qilindi. Buyuk hadisshunos bobomiz maqbarasida Qurʼon tilovat etilib, duo o‘qildi.

Maʼlumki, ushbu qutlug‘ qadamjo O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Imom Buxoriyning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan maʼnaviy merosiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratildi. Bu yil Ramazon hayiti arafasida majmua yana ziyoratchilar uchun eshiklarini ochib, 60 mingdan ortiq yurtdoshimiz va xorijlik mehmonlar hayit namozini ushbu qutlug‘ qadamjoda o‘qidilar.

Keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari natijasida Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega.

Maʼlumotlarga ko‘ra, qutlug‘ qadamjo ochilganidan so‘ng bir oy ichida buyuk muhaddis bobomiz maqbarasini 1 milliondan ortiq yurtdoshimiz va xorijiy fuqaro ziyorat qildi.

Prezidentimiz majmuaga tashrif buyuruvchilarga yana-da qulay sharoitlar yaratish, ibodatlarini ado etishlari, buyuk muhaddis bobomiz merosi bilan yaqindan tanishishlari uchun barcha imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, majmuaga avtotransportda keluvchilar uchun to‘xtash joylarini kengaytirish, ziyoratchilar sayr qiladigan hududlarni yana-da obod qilish, ularning dam olishi uchun tabiiy va qulay muhit yaratish, bu boradagi ishlarni doimiy tahlil qilib borish, har olti oyda majmuada ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganib, qo‘shimcha choralarni belgilab borish muhimligi taʼkidlandi. Butun yurtimizdan imom-xatiblarni majmuaga taklif qilib, malakasini oshirish zarurligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari ziyorat madaniyatini yuksaltirish, muqaddas qadamjolar va mozorlarni obod saqlash bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish, bunday maskanlarda kelib-ketuvchilar uchun munosib sharoit yaratish muhim ekanini, o‘tganlar xotirasiga hurmat ruhini kuchaytirish yosh avlodning o‘zligini anglashi va maʼnaviy tarbiyasida muhim omil bo‘lishini taʼkidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish