Logo

O‘zbekiston Prezidenti korxonalarning barqaror faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rib chiqdi

May 05, 2026. 17:45 • 5 daq

308
O‘zbekiston Prezidenti korxonalarning barqaror faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rib chiqdi

TOSHKENT, 5-may. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, sanoatda mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish, avval ishga tushirilgan korxonalarning barqaror faoliyat yuritishini taʼminlash, ularning mahsulot ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish esa muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.

Taqdimotda turli sabablarga ko‘ra to‘liq quvvatda ishlamayotgan va tushumi kamaygan korxonalar faoliyatini o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi. Bunday holatlar asosan to‘qimachilik, qurilish materiallari, oziq-ovqat, neft-kimyo, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda kuzatilmoqda.

Ushbu toifadagi korxonalar faoliyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgan omillar orasida aylanma mablag‘ yetishmovchiligi, kommunal infratuzilma bilan bog‘liq masalalar, loyihalarning kechikishi, uskunalarning eskirgani, xomashyo zanjiridagi uzilishlar, mahsulotga talabning pasayishi kabi muammolar ko‘rsatib o‘tildi.

Bu muammolarni hal qilish orqali korxonalarda ishlab chiqarishni tiklash va mavjud quvvatlarni to‘liq ishga solib, qo‘shimcha 65,6 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish imkoniyati borligi aniqlandi.

Shu bois, har bir korxona holatini alohida o‘rganib, ularni to‘liq quvvatga olib chiqish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Buning uchun mutasaddi idoralar va banklar ishtirokida Respublika shtabi tashkil etiladi. Shtab vakillari joylarga chiqib, ikki hafta muddatda korxonalar faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan masalalarni aniqlaydi va ularni joyida hal etish choralarini ko‘radi.

Faoliyatini tiklash imkoniyati mavjud korxonalarga zarur kredit mablag‘larini ajratish, aylanma mablag‘ bilan taʼminlash, infratuzilma va xomashyo masalalarini hal etish bo‘yicha banklar va masʼul idoralar birgalikda ishlaydi.

Taqdimotda tijorat banklari balansidagi yirik mol-mulklar masalasiga ham eʼtibor qaratildi.

Bugungi kunda banklar balansida qiymati 10 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan 70 ta mol-mulk mavjud. Mazkur aktivlarni iqtisodiyotga qayta jalb qilish, ularga investor topish va ishlab chiqarish maydonlariga aylantirish bo‘yicha alohida mexanizmlar ishlab chiqilishi belgilandi.

Taqdimotda investitsiya dasturlari doirasida ishga tushirilgan loyihalar faoliyatini hisobga olish va ularning natijadorligini baholash masalasiga to‘xtalib o‘tildi. 2021-2025-yillarda amalga oshirilgan qariyb 17 mingta loyiha natijasida ishga tushgan korxonalarning ayrimlari o‘z faoliyatini soliq va statistika hisobotlarida to‘liq aks ettirmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga har bir loyihani o‘rganib, ularni soliqqa tortish va statistika hisobotlarida to‘g‘ri aks ettirishni taʼminlash topshirildi.

Ishbilarmonlik muhitiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgan hamda aholi va tadbirkorlik subyektlarining eʼtirozlariga sabab bo‘layotgan ayrim masalalar hamda ularning yechimi bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Xususan, tadbirkorlik subyektlarining peshlavhalari va brend belgilarini joylashtirish, umumiy ovqatlanish va savdo obyektlari uchun ayrim maʼmuriy talablar, mehnat munosabatlaridagi tartib-taomillar, naqd pulsiz to‘lovlar, soliq imtiyozlarini qo‘llash, moliyaviy jarimalar, tashqi iqtisodiy faoliyatdagi hujjatbozlik kabi masalalar muhokama qilindi.

Masalan, amaldagi tartibga ko‘ra, ayrim hollarda korxona nomi, faoliyat turi yoki savdo belgisi aks etgan peshlavhalar ham reklama sifatida baholanib, ular uchun alohida pasport rasmiylashtirish va to‘lovlarni amalga oshirish talab etilmoqda. Bu tadbirkorlar uchun qo‘shimcha maʼmuriy yuk bo‘lishi bilan birga savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarining tanilishi, mijozlar oqimi va tushumiga ham taʼsir ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan tadbirkorlik subyektining nomi va faoliyat turi to‘g‘risida binoga joylashtirilgan axborotni reklama sifatida baholamaslik va buning uchun tegishli pasportlarni rasmiylashtirishni bekor qilish taklif etildi. Reklamalar va boshqa axborot belgilarini joylashtirishga doir dizayn talablarini tadbirkorlar takliflarini inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etish, yuridik shaxslarga tegishli transport vositalariga o‘z savdo belgisini joylashtirish tartibini soddalashtirish tashabbusi ilgari surildi.

Umumiy ovqatlanish korxonalariga qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish tartibini soddalashtirish, ayrim savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish obyektlari uchun ekologik ekspertiza hamda kompensatsiya to‘lovlari bilan bog‘liq tartiblarni yengillashtirish taklif etildi. Shuningdek, mehnat munosabatlarida ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi ayrim tartib-taomillarni aniqlashtirish taklif qilindi.

Raqamlashtirish va naqd pulsiz to‘lovlar yo‘nalishida aholi va biznes uchun qulaylikni oshirishga qaratilgan takliflar bildirildi. Xususan, ayrim tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni naqd pulsiz shaklda amalga oshirish amaliyoti kengayib borayotgani bois, bank infratuzilmasi, komissiyalar va isteʼmolchilarga qaytariladigan keshbek tizimini takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

Jismoniy shaxslarning o‘z bank kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalarini komissiyasiz amalga oshirish, naqdsiz to‘lovlarni aholi uchun qulay bo‘lgan shakllarini ko‘paytirish, umumiy ovqatlanish, alkogol, tamaki va yoqilg‘i sotish sohalarida xarid cheki bo‘yicha hisoblangan keshbekni tezkor qaytarish imkoniyatini yaratish taklif etildi. Shu bilan birga, bank kartalari orqali amalga oshiriladigan operatsiyalarda xavfsizlikni taʼminlash maqsadida joriy etilgan antifrod SMS-xabarnomalar bo‘yicha xarajatlarni qayta ko‘rib chiqish, mobil ilovalardagi xabarnomalar yoki biometrik identifikatsiya kabi muqobil yechimlardan foydalanish taklif qilindi.

Soliq maʼmurchiligi va moliyaviy jarimalar yo‘nalishida soliq imtiyozlarini qo‘llashda yuzaga kelayotgan nizoli holatlarni bartaraf etish, soliq qarzdorligi bo‘yicha hisoblanayotgan penya asosiy qarz summasidan oshib ketmasligi bo‘yicha normani joriy etish, chek bermaslik holati yuzasidan xabar yuborish tizimini suiisteʼmol qilish holatlarining oldini olish, QQS guvohnomasini to‘xtatish tartibini takomillashtirish ilgari surildi.

Tashqi iqtisodiy faoliyatni soddalashtirish maqsadida import jarayonida bir-birini takrorlovchi hujjatlarni qisqartirish, tadbirkorlarga xorijda savdo uylari, filial va vakolatxonalar ochish uchun qulayroq tartib yaratish, “O‘zekspomarkaz” imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarda keng targ‘ib qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Davlatimiz rahbari tadbirkorlik uchun ortiqcha to‘siqlarni kamaytirish, nazorat va tartibga solish mexanizmlarini soddalashtirish, raqamlashtirish jarayonlarini biznesga qo‘shimcha yuk emas, qulaylik yaratadigan vositaga aylantirish zarurligini taʼkidladi.

Mutasaddilarga mavjud sanoat quvvatlarini to‘liq ishga solish, korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda tadbirkorlar uchun qulay sharoitlarni kengaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish