Logo

O‘zbekiston Prezidenti Koreya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarini qabul qildi

May 03, 2026. 19:40 • 2 daq

340
O‘zbekiston Prezidenti Koreya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarini qabul qildi

TOSHKENT, 3-may. /“Dunyo” AA/. Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Koreya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Ku Yun Chxol boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston – Janubiy Koreya Alohida strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Yuqori martabali mehmon O‘zbekiston Prezidentiga Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myonning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. Yetakchilarning Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Chuqur tarixiy do‘stlik rishtalari, o‘xshash mentalitet, anʼanalar va qadriyatlarga asoslangan ikki tomonlama aloqalar izchil rivojlanmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Janubiy Koreya bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

O‘zaro savdo va investitsiyalar ko‘rsatkichlari barqaror o‘sib bormoqda. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 12 foizga oshdi. Mamlakatimizda qariyb 1 mingta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, Koreya investitsiyalarining umumiy hajmi 8 milliard dollardan oshdi. Ushbu mamlakat kompaniyalari uchun maxsus sanoat zonasini tashkil etish masalalari ishlab chiqilmoqda.

Koreya Eksimbanki va uning jamg‘armalari bilan ko‘p yillik samarali hamkorlik yuqori baholandi. Ular ishtirokidagi loyihalarning umumiy portfeli 2 milliard dollardan oshdi.

Ko‘p tarmoqli klinika, kimyo markazi va farmatsevtika parki qurilishi davom etmoqda. Bugun Toshkent – Xiva yo‘nalishida birinchi “Hyundai Rotem” poyezdi qatnay boshladi.

O‘zbekiston Prezidenti ustuvor yo‘nalishlarda yangi investitsiya loyihalari portfelini shakllantirish va hududlararo almashinuvlarni jadallashtirish muhimligini qayd etdi. Davlat moliyasini boshqarish tizimini raqamlashtirishda Koreya tomoni ko‘maklashishiga umid bildirildi.

Joriy yil kuz oyida Seul shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Markaziy Osiyo – Koreya” sammiti va boshqa oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish muhimligi taʼkidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish