Logo

O‘zbekiston Prezidenti raisligida loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi

Mart 11, 2026. 20:05 • 4 daq

108
O‘zbekiston Prezidenti raisligida loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi

TOSHKENT, 11-mart. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda mamlakatimiz hududlari va iqtisodiyot tarmoqlariga 50 milliard dollardan ziyod investitsiya jalb qilish, ijtimoiy va infratuzilma obyektlari qurilishiga 24 trillion so‘m byudjet mablag‘larini yo‘naltirish, shuningdek, davlat xaridlari doirasida 300 trillion so‘mdan ziyod tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilish rejalashtirilgan. Bunday katta hajmdagi loyihalarni amalga oshirishda ularni ekspertizadan o‘tkazish tizimining tezkor va sifatli ishlashi muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, amaldagi tartib mazkur talablarga toʻliq javob bermayotgani, tadbirkor va investorlarning jiddiy eʼtirozlariga sabab boʻlayotgani qayd etildi. Jumladan, oʻtgan yili ekspertizaga kelib tushgan 7 ming 750 ta hujjatning bir qismi uzoq muddatlarda koʻrib chiqilgan. Ayrim hollarda loyihalar ahamiyati katta boʻlmagan kamchiliklar sabab bir necha marta qayta ishlashga yuborilgan.

Shu bois, Prezident farmoni bilan Loyihalar va import shartnomalarini kompleks ekspertiza qilish markazi yangi tuzilgan Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligiga oʻtkazildi va uning faoliyatini transformatsiya qilish vazifalari belgilab berildi.

Taqdimotda sohadagi muammolar va ularni bartaraf etish boʻyicha ishlab chiqilgan takliflar koʻrib chiqildi.

Markaz faoliyati raqamlashmagani va xavf-tahlil yondashuvining yoʻqligi uchun bitta xodimga toʻgʻri keladigan operatsion yuklama ortib ketgani qayd etildi. Markazda 130 nafar xodim ishlasa-da, xavfi past va strategik ahamiyatli loyihalar bir-biridan ajratilmagani uchun har bir xodimga ikki kunda oʻrtacha bitta loyiha toʻgʻri kelmoqda.

Ekspertizaga kelib tushayotgan hujjatlarning katta qismi qiymati nisbatan kichik boʻlgan loyihalardan iborat. Shuningdek, koʻplab hujjatlar avval koʻrilgan loyihalarga oʻxshash boʻlsa ham, ular qaytadan toʻliq tartibda koʻrib chiqilmoqda. Bu esa ortiqcha vaqt va resurs sarfiga sabab boʻlayotgani qayd etildi.

Taqdimotda markaz faoliyatiga ilgʻor tajriba va amaliyotlarni joriy qilish taklif qilindi.

Xususan, loyihalarni koʻrib chiqishda xavf darajasi va qiymatiga qarab, tabaqalashtirilgan tartibni joriy etish taklifi bildirildi. Unga koʻra, loyihaoldi hujjatlarni ekspertizadan oʻtkazishda texnik topshiriqlar koʻrib chiqilmaydi, faqat 15 million dollardan yuqori qiymatdagi korporativ va budjet loyihalari koʻrib chiqiladi.

Yirik va megaloyihalarni parallel ekspertizadan oʻtkazish, avvalgilariga oʻxshash loyiha kelib tushganda, tezlashtirilgan tartibda koʻrib chiqish, jismonan va maʼnan eskirgan uskunalarni soddalashtirilgan tartibda ekspertizadan oʻtkazish, benchmarking usulini qoʻllash tashabbuslari ilgari surildi. Bu ekspertiza jarayonini maqbullashtirib, markazning asosiy eʼtiborini strategik ahamiyatga ega yirik investitsiya loyihalariga qaratish imkonini beradi.

Taqdimotda ekspertiza jarayoni ishtirokchilari uchun rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni joriy etish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, loyihalar bo‘yicha birinchi bosqichdayoq ijobiy xulosa olinsa yoki loyiha bo‘yicha bildirilgan e’tirozlar muddatidan oldin bartaraf etilsa, ekspertiza jarayonlarini tezlashtirish va chegirmalar berish kabi buyurtmachilarni rag‘batlantirish choralari taklif qilindi.

Markaz faoliyatini raqamlashtirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Buning uchun soliq va bojxona organlari, milliy statistika tizimi, ekologiya va iqlimga oid maʼlumotlar bazalari, shuningdek, qurilish resurslari milliy klassifikatori hamda davlat xaridlari elektron tizimlari bilan integratsiya qilingan yagona axborot platformasi yaratiladi. Ushbu platforma orqali loyihalarga oid hujjatlar onlayn shakllantirilishi, tovar va xizmatlarning narxlari hamda texnik koʻrsatkichlari sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilinishi belgilanmoqda.

Davlatimiz rahbari loyihalar ekspertizasi investitsiya muhitining muhim boʻgʻini ekanini taʼkidlab, mazkur sohada ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish, jarayonlarni raqamlashtirish, sifat va tezkorlikni oshirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish