Logo

O‘zbekistonlik mutaxassislar Yevropa radiologiya kongressida ilmiy ishlanmalarini taqdim etdi

Mart 10, 2026. 09:00 • 2 daq

138
O‘zbekistonlik mutaxassislar Yevropa radiologiya kongressida ilmiy ishlanmalarini taqdim etdi

VENA, 10-mart. /“Dunyo” AA/. 2026-yil 3-8-mart kunlari O‘zbekistonlik mutaxassislardan iborat ilmiy delegatsiya tibbiy tasvirlash sohasidagi eng yirik xalqaro tadbirlardan biri — Yevropa radiologiya kongressi (ECR)da ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Kongress anʼanaviy ravishda tibbiy tasvirlash texnologiyalari, raqamli innovatsiyalar hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish sohasidagi eng so‘nggi yutuqlarni muhokama qilish uchun dunyoning turli mamlakatlaridan yetakchi mutaxassislar, tadqiqotchilar va klinitsistlarni birlashtiradi.

Forumning ilmiy dasturi doirasida o‘zbek mutaxassislari zamonaviy radiologiyaning muhim yo‘nalishlariga bag‘ishlangan bir qator tadqiqotlarni taqdim etdilar. Xususan, bosh miya o‘smalarida multimodal diagnostika, magnit-rezonans spektroskopiyasini qo‘llash, sunʼiy intellekt texnologiyalari yordamida bosh miya tuzilmalarining miqdoriy tahlili, shuningdek, kompyuter tomografiyasi maʼlumotlarini tahlil qilishda sunʼiy intellekt algoritmlaridan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi professori Nigora Jo‘rayeva «Advancing Practice in Radiography: Challenges, Education and Innovation» mavzusidagi ilmiy sessiyaga moderatorlik qildi. Mazkur sessiya davomida rentgenografiya amaliyotining zamonaviy yondashuvlari, mutaxassislar tayyorlash masalalari hamda tibbiy tasvirlash sohasiga innovatsion texnologiyalarni joriy etish yo‘nalishlari muhokama qilindi.

O‘zbekistonlik olimlar tomonidan taqdim etilgan ilmiy ishlar xalqaro professional hamjamiyat, jumladan, tibbiy tasvirlash sohasidagi yetakchi xorijiy markazlar vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.



Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish