O‘zbekiston Prezidenti XXR delegatsiyasini qabul qildi
Sentabr 07, 2026. 13:30 • 2 daq
• 97
TOSHKENT, 7-sentabr. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Lyu Xaysin boshchiligidagi XXR delegatsiyasini qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, yuqori martabali mehmon O‘zbekiston Prezidentiga XXR Raisi Si Szinpinning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik hamda amaliy sheriklikni yana-da kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston – Xitoy barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari yuksak darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi izchil o‘smoqda, Xitoyning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qo‘shma loyihalar va korxonalar soni ortib bormoqda.
Parlamentlararo va partiyalararo hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor berildi.
Oliy va kasbiy taʼlim sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, jumladan, mamlakatimizda Xitoyning yetakchi oliy taʼlim muassasalari filiallarini ochish muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo va partiyalararo hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi