Prezident Shavkat Mirziyoyev: O‘zbekiston Italiya bilan shakllangan strategik sheriklik munosabatlarini yuksak qadrlaydi
Sentabr 04, 2026. 17:30 • 2 daq
• 93
TOSHKENT, 4-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya Vazirlar Kengashi Raisi Jorja Meloniga maktub yo‘lladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Davlatimiz rahbari Jorja Melonini Italiya Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi lavozimida shu vaqtga qadar eng uzoq muddat faoliyat yuritgan Hukumat rahbari sifatida tarix sahifalaridan munosib joy olgani bilan samimiy muborakbod etdi, – deb yozdi O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘z telegram-kanalida. – Prezidentimiz ushbu natija Jorja Melonining siyosiy irodasi va qatʼiyati, davlatchilik masʼuliyatini chuqur his etishiga Italiya xalqi tomonidan bildirilgan yuksak ishonchning yaqqol tasdig‘i ekanini taʼkidladi.
Hozirgi o‘ta murakkab va tez o‘zgarayotgan sharoitda Italiyaning milliy manfaatlarini qatʼiy himoya qilish, mamlakatning Yevropa Ittifoqi va xalqaro maydondagi obro‘-eʼtibori hamda nufuzini yana-da mustahkamlash borasida Jorja Meloni olib borayotgan saʼy-harakatlar alohida eʼtirof etildi.
Prezidentimiz Italiya Hukumati rahbarining O‘zbekistonga nisbatan do‘stona munosabati va ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni izchil kengaytirishga qaratayotgan doimiy eʼtibori uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston Italiya bilan o‘rnatilgan strategik sheriklik munosabatlarini yuksak qadrlashi taʼkidlandi. Bugungi kunda siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, madaniy-gumanitar aloqalar tobora sermazmun tus olib, ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Maktub yakunida davlatimiz rahbari Jorja Meloniga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat va masʼuliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, do‘st Italiya xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va bardavom ravnaq tiladi”.
O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmatiarxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi