Taniqli iqtisodchi Jeffri Saks O‘zbekistonning tarixiy va zamonaviy qiyofasini yuksak baholadi

Sentabr 07, 2026. 15:30 • 2 daq

324
Taniqli iqtisodchi Jeffri Saks O‘zbekistonning tarixiy va zamonaviy qiyofasini yuksak baholadi
Taniqli iqtisodchi Jeffri Saks O‘zbekistonning tarixiy va zamonaviy qiyofasini yuksak baholadi
Taniqli iqtisodchi Jeffri Saks O‘zbekistonning tarixiy va zamonaviy qiyofasini yuksak baholadi

NYU-YORK, 7-sentabr. /“Dunyo” AA/. Nyu-Yorkda taniqli iqtisodchi, Kolumbiya universiteti professori, BMTning Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (UN SDSN) prezidenti Jeffri Saks bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Marco Polo Drive” tashabbusiga bag‘ishlangan tadbirda “Forum for World Education” prezidenti Chen Yan Devis, doktor Soni Saks, shuningdek, Xitoy, Sloveniya, Gruziya, Qozog‘iston va O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakillari qatnashdi.

“Marco Polo Drive” tashabbusi Ipak yo‘li yo‘nalishi bo‘ylab 15 ming kilometr masofani qamrab olgan 43 kunlik sayohatni o‘z ichiga oldi. Safar doirasida turistlar Yevropa va Osiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekistonda ham bo‘lishdi.

Tashrif davomida madaniyatlararo aloqalarni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, barqaror taraqqiyot, texnologik hamkorlik hamda Sharq va G‘arb o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Professor Jeffri Saks Ipak yo‘li yo‘nalishi doirasida ziyorat qilingan shaharlar haqida so‘zlar ekan, Samarqandning tarixiy-madaniy merosi va zamonaviy qiyofasini yuksak baholadi. U Samarqandni “sayyoramizdagi eng go‘zal maskan” deya taʼriflab, uning tarixiy ahamiyati va zamonaviy dinamikasi o‘ziga xos tarzda uyg‘unlashganini taʼkidladi.

Ekspert O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgani va yirik infratuzilmaviy loyihalar amalga oshirilayotganini ham eʼtirof etdi. Uning fikricha, Sharq va G‘arb mamlakatlaridan sarmoyadorlar va hamkorlarning faollashayotgani iqtisodiy va infratuzilmaviy aloqalarni mustahkamlash, savdoni kengaytirish hamda mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishga yordam bermoqda.

U Nukus shahri va I.V.Saviskiy nomidagi davlat sanʼat muzeyi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Jeffri Saks ushbu maskan unda katta taassurot qoldirganini bildirdi. Professor muzeyni taʼriflar ekan, uning joylashuvi va madaniy ahamiyatining noyobligini urg‘ulab, uni “Sahrodagi Luvr” deb atadi.

Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, aynan Nukusda Igor Saviskiy avangardning asl durdonalari — atoqli rassomlar asarlarini to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. U muzey to‘plamining beqiyos qimmatini taʼkidlab, Igor Saviskiy kolleksiyasi jahon ahamiyatiga molik nodir madaniy meros ekanini qayd etdi.

Olimning fikricha, Nukusda muzeyning yaratilishi va sanʼat asarlarining saqlab qolinishi tarixi madaniy qadriyatlar geografik, siyosiy va tarixiy chegaralardan o‘tib, insonlar va sivilizatsiyalarni birlashtirishga qodir ekanini ko‘rsatadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish