O‘zbekiston Prezidentining Parlamentlararo Ittifoqning XII Yosh parlament aʼzolari butunjahon konferensiyasi ishtirokchilariga tabrigi

Sentabr 04, 2026. 13:15 • 4 daq

181
O‘zbekiston Prezidentining Parlamentlararo Ittifoqning XII Yosh parlament aʼzolari butunjahon konferensiyasi ishtirokchilariga tabrigi

(2026-yil 4-sentabr, Toshkent sh.)


Hurmatli parlament aʼzolari va konferensiya ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Bugun siyosat maydoniga o‘z so‘zi, o‘ktam ovozi bilan dadil kirib kelayotgan siz – yosh parlamentariylarni ushbu nufuzli tadbir munosabati bilan samimiy qutlash va ezgu tilaklarimni yo‘llashdan bag‘oyat mamnunman.

Ming yillardan buyon tamaddunlar, xalqlar va g‘oyalarni birlashtirayotgan ko‘prik – ko‘hna va navqiron Samarqand shahriga xush kelibsiz!

Yuqori maqomdagi anjumanning mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilayotganini Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas demokratik islohotlarga xalqaro hamjamiyat bergan yuksak baho deb qabul qilamiz.

Bugungi muloqot o‘tgan yili Toshkentda tashkil etilgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi singari jonli mulohazalar, yangi g‘oya va ilg‘or tashabbuslar ilgari suriladigan anjumanga aylanadi deb ishonaman.


Aziz mehmonlar!

Samarqand xalqaro anjumani dunyoda global ziddiyatlar chuqurlashib, beqarorlik va urush o‘choqlari ko‘payayotgan murakkab bir pallada o‘tmoqda.

Iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy tengsizlik, ijtimoiy beqarorlik va maʼnaviy inqiroz butun insoniyat taraqqiyotiga g‘ov bo‘layotgani sir emas.

Shu jihatdan mazkur konferensiya kun tartibiga “Notinch davrlarda barcha uchun inson huquqlari, adolat va qadr-qimmatni tiklash” mavzusi kiritilgani dolzarb ahamiyatga ega.

Taassufki, sayyoramiz bo‘ylab 500 milliondan ziyod bolalar va yoshlar qurolli mojarolar hududida yashamoqda, har besh nafar yoshdan biri, qizlarning har uch nafardan ikkisi taʼlim olish imkonidan mahrum qolmoqda.

Shunday qiyin sharoitda dunyo yoshlarining eng faol, intiluvchan qatlami sifatida maydonga chiqayotganingiz tahsinga sazovor.


Qadrli do‘stlar!

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida yosh avlodga g‘amxo‘rlik qilish, ularning bilim va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan.

39 millionlik aholining qariyb 56 foizini yoshlar tashkil etayotgani uzoq muddatli yondashuv, keng qamrovli yechimlarni hayotiy zaruratga aylantirmoqda.

So‘nggi yillarda inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarimiz natijasida yoshlarimizning barkamol o‘sishi, global raqobat muhitida munosib o‘rin egallashi uchun ulkan imkoniyatlar yaratildi.

Yurtimizda yoshlar bilan ishlash va ularni qo‘llab-quvvatlashning mutlaqo yangi – manzilli va vertikal tizimi yo‘lga qo‘yilganini alohida taʼkidlash o‘rinlidir.

Dunyodagi yuqori 100 talikka kiradigan yetakchi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan o‘g‘il-qizlarimiz soni 3,5 ming nafardan oshgani, ilmiy darajaga ega yosh olimlarimiz ulushi ikki baravar ortgani bizni mamnun etadi.

Yoshlarning tadbirkorlar safidagi ulushi 35 foizga yetgani ham ular iqtisodiy taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchiga aylanganidan dalolat beradi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati huzuridagi Yoshlar parlamentlari bo‘lajak xalq vakillari uchun tajriba maktabiga aylandi.

2024-yilgi saylovda 200 ga yaqin yoshlar vakillik organlari aʼzosi etib saylangani ham siyosiy hayotimizdagi yangilanishlar samarasidir.

Bu kabi yutuqlar xalqaro hamjamiyat tomonidan munosib eʼtirof etilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan dunyoning 10 ta yetakchi davlati qatoridan joy oldi.

Shuningdek, Global yoshlar taraqqiyoti indeksida eng tez rivojlanayotgan mamlakat deb topildi.


Hurmatli xonimlar va janoblar!

Parlamentlararo Ittifoq doirasida yoshlarning davlat hamda jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yana-da kengaytirishga qaratilgan Yoshlar va kelajak avlodlar to‘g‘risidagi Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilinishini olqishlaymiz.

Shu bilan birga, yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishga doir ilg‘or tajribamiz bilan o‘rtoqlashish uchun maxsus platforma taqdim etishga tayyorligimizni bildiramiz.

Fursatdan foydalanib, sizlarni kelgusi yil O‘zbekistonda o‘tkaziladigan “Avlodlar muloqoti” xalqaro yoshlar kongressiga taklif etaman.


Qadrli navqiron yetakchilar!

Sizlarning siymongizda Yangi O‘zbekistonning xayrixoh do‘stlari, birdamlik va hamkorlik elchilarini ko‘ramiz desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Ishonchim komil, anjuman doirasidagi muloqot va munozaralar ochiq, konstruktiv ruhda o‘tadi, Samarqandda tasdiqlangan hujjatlar global tinchlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Sizlarni yana bir bor samimiy qutlab, barchangizga mustahkam salomatlik, tuganmas g‘ayrat-shijoat va masʼuliyatli faoliyatingizda yangi zafarlar tilayman!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish