O‘zbekiston va Suriya ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirib, yangi qo‘shma loyihalarni tayyorlamoqda

Sentabr 07, 2026. 14:30 • 2 daq

116
O‘zbekiston va Suriya ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirib, yangi qo‘shma loyihalarni tayyorlamoqda

DAMAShQ, 7-sentabr. /“Dunyo” AA/. Damashqda Suriya savdo palatalari ittifoqi hamda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida faoliyat yurituvchi 20 ga yaqin suriyalik ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur uchrashuv joriy yilning fevral oyida Buxoroda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston­–Suriya biznes-forumida boshlangan muloqotning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Tomonlar erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

Oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika, yengil sanoat va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Suriya vakillari mamlakatni tiklash jarayonlari munosabati bilan qurilish materiallariga talab yuqori ekanini qayd etib, O‘zbekistonning qurilish va developerlik kompaniyalari bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Shuningdek, elektrotexnika va yengil sanoat mahsulotlari savdosini kengaytirish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

Halabdagi O‘zbekiston savdo uyining imkoniyatlaridan foydalanish va Suriyaning boshqa hududlarida ham shunday savdo maydonchalarini yaratish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Suriyalik tadbirkorlar kuzda Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston–Suriya hukumatlararo komissiyasining birinchi yig‘ilishi doirasidagi biznes-forumda ishtirok etishga taklif qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni muntazam yo‘lga qo‘yish, o‘zaro biznes-missiyalarni tashkil etish, tadbirkorlarning ikki mamlakatda o‘tkaziladigan xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalardagi ishtirokini kengaytirish hamda aniq savdo va investitsiya loyihalari ustidagi ishlarni faollashtirishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish