O‘zbekiston Prezidenti yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda rivojlantirish rejalarini ko‘rib chiqdi

Sentabr 22, 2026. 18:58 • 6 daq

67
O‘zbekiston Prezidenti yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda rivojlantirish rejalarini ko‘rib chiqdi

TOSHKENT, 22-sentabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun elektr energetikasini rivojlantirish istiqbollari va yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi loyihalarni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, energetika tizimi iqtisodiy o‘sish, investitsiya faolligi va aholi farovonligini ta’minlashning muhim omillaridan biri hisoblanadi.

So‘nggi yillarda sohaga xususiy sektor va xorijiy investorlar keng jalb qilinib, yangi generatsiya quvvatlarini barpo etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va tarmoqlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirildi. Bu boradagi islohotlar natijasida quyosh va shamol elektr stansiyalarining umumiy quvvati 6,3 gigavattdan oshdi. Gidroelektr stansiyalar soni 100 tadan ortib, ularning umumiy quvvati 2,5 gigavattga yaqinlashdi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari kengayishi hisobiga har yili katta miqdorda tabiiy gaz tejalmoqda.

2030-yilga borib, mamlakat iqtisodiyoti hajmini 300 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan, aholi soni esa 41 milliondan ortishi kutilmoqda. Sanoatning o‘zida elektr energiyasi iste’moli 2030-yilgacha 38 milliard kilovatt-soatdan 53,5 milliard kilovatt-soatgacha o‘sishi prognoz qilinmoqda. Elektromobillar va data-markazlar rivojlanishi ham tizimga qo‘shimcha yuklama beradi.

Shu bois, generatsiya quvvatlarini talabdan oldin rivojlantirish, elektr tarmoqlarining o‘tkazuvchanligini oshirish va yetarli zaxira quvvatlarini shakllantirish zarurligi qayd etildi.

Rejaga ko‘ra, 2030-yilga borib, mamlakatdagi generatsiya quvvatlari 46,1 gigavattga yetkazilib, yiliga qariyb 129 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. 2035-yilda esa quvvatlarni 57,2 gigavattga, yillik generatsiyani 154,7 milliard kilovatt-soatga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda elektr energiyasi iste’molining turli o‘sish ssenariylari ham ko‘rib chiqildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, iste’mol mo‘’tadil o‘sganda 2030-yilgacha generatsiya va talab o‘rtasida yetarli muvozanat saqlanadi. Biroq iqtisodiyot, sanoat, elektr transport va raqamli infratuzilma tez sur’atlarda rivojlangan taqdirda qo‘shimcha generatsiya quvvatlariga ehtiyoj paydo bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari energetika sohasidagi rejalar iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur’atlarini hisobga olgan holda shakllantirilishi, tizimda doimo yetarli zaxira quvvati bo‘lishi shartligini ta’kidladi.

Shundan kelib chiqib, qo‘shimcha shamol elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini barpo etish, amalga oshirilayotgan quyosh va shamol energetikasi loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Ayni paytda iqtisodiy samaradorligi past, moliyalashtirish manbasi aniq bo‘lmagan yoki uzoq vaqtdan buyon kechikayotgan ayrim loyihalarni qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi. Yangi quvvatlarni tanlashda faqat ularning hajmi emas, balki elektr energiyasi tannarxi, tarmoqqa ulanish imkoniyati, energiya saqlash tizimlari bilan uyg‘unligi va umumiy energobalansga ta’siri asosiy mezon bo‘lishi belgilandi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi ortib borgan sari energiya saqlash tizimlarining ahamiyati ham oshmoqda.

Bunday tizimlar kunduzi quyosh va shamol stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini to‘plab, uni kechki yuqori yuklama vaqtida tarmoqqa uzatish imkonini beradi. Bu an’anaviy elektr stansiyalarida qo‘shimcha gaz yoqish zaruratini kamaytirib, butun tizim barqarorligini oshiradi.

Hozir energiya saqlash tizimlari bo‘yicha umumiy quvvati 4,2 gigavatt bo‘lgan 26 ta loyiha shakllantirilgan. Ulardan 17 tasi amalga oshirish bosqichida. 2030-yilgacha ayni yo‘nalishda qo‘shimcha yangi loyihalarni shakllantirish taklif qilindi.

Prezidentimiz generatsiya quvvatlarini ko‘paytirish bilan birga ularni iste’molchilarga yetkazib beradigan magistral tarmoq va podstansiyalarni ham oldindan barpo etish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.

2030-yilga qadar 9 ta 220 kilovoltli va 7 ta 500 kilovoltli yangi podstansiya qurish, qariyb 5 ming kilometr yangi elektr uzatish tarmoqlarini barpo etish rejalashtirilgan. Bu yangi elektr stansiyalarini energotizimga ulash, hududlar o‘rtasida quvvat almashinuvini kengaytirish imkonini beradi.

Xususan, 2027-2029-yillarda bir qator strategik 500 kilovoltli elektr uzatish tarmoqlari va yangi podstansiyalarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Taqdimotda ularning qurilish holati, moliyalashtirish masalalari va mavjud kechikishlarni bartaraf etish choralari alohida ko‘rib chiqildi.

Qoraqalpog‘istonda qayta tiklanuvchi energiyaning katta salohiyatidan foydalangan holda raqamli iqtisodiyot uchun yangi infratuzilma yaratish masalasi ham muhokama qilindi.

Hududda istiqbolli shamol elektr stansiyalarini 1 gigavatt quvvatli data-markazlar bilan bog‘lash, buning uchun yangi 220 kilovoltli podstansiya va elektr uzatish tarmoqlarini qurish taklif etildi. Mazkur infratuzilma yangi data-markazlarni energotizimga integratsiya qilish, yuqori texnologiyali investitsiyalarni jalb etish va hududning mavjud energetik salohiyatidan samarali foydalanish imkonini beradi.

Taqdimotda sohadagi investitsiya loyihalarini shakllantirish va amalga oshirish tizimini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha takliflarga alohida e’tibor qaratildi.

Amalda ko‘p hollarda loyiha investor tashabbusidan boshlanadi. Yer maydoni, tarmoqqa ulanish, texnik shartlar, tarif va investitsiya bitimlari turli idoralar bilan alohida kelishiladi. Bu esa jarayonlarning cho‘zilishi, idoralar funksiyalarining takrorlanishi va ayrim loyihalarning tizim ehtiyoji bilan yetarlicha bog‘lanmasligiga olib kelmoqda.

Shu bois, yangi boshqaruv modeli taklif qilindi.

Endilikda energetika loyihalari, eng avvalo, iqtisodiyot, aholi va hududlarning istiqboldagi ehtiyojidan kelib chiqib shakllantiriladi. Avval talab aniqlanadi, keyin zarur generatsiya va infratuzilma quvvatlari rejalashtiriladi. Yer maydoni, tarmoqqa ulanish nuqtasi va texnik yechimlari oldindan tayyor bo‘lgan loyiha shakllantirilib, investor ochiq va raqobatli tanlov asosida aniqlanadi.

Bunda har bir idoraning vazifa va javobgarligi aniq belgilanadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi talab prognozini shakllantiradi, Energetika vazirligi strategik rejalashtirish va texnik siyosat uchun javob beradi, Energetika bozori regulyatori bozor munosabatlari va tariflarni tartibga soladi. Investitsiyalar sohasiga mas’ul idoralar investorlarni ochiq tanlov asosida jalb qiladi, mahalliy hokimliklar esa yer va zarur infratuzilma masalalarini hal etadi.

Shuningdek, hududlar va tarmoqlar kesimida energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojning aniq prognozini shakllantirish, shu asosda har yili yangilanadigan uch yillik investitsiya rejalarini qabul qilish taklif etildi. Bu generatsiya quvvatlari, elektr tarmoqlari va zarur infratuzilmani o‘zaro muvofiq holda oldindan rejalashtirish imkonini beradi.

Uzoq muddatli istiqbolda esa 2050-yilgacha yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Unda milliy resurs salohiyati, demografik va iqtisodiy o‘sish, energiya samaradorligi, qayta tiklanuvchi va atom energetikasini rivojlantirish, shuningdek, energetika xavfsizligini ta’minlash masalalari kompleks hisobga olinadi. Konsepsiyani har besh yilda qayta ko‘rib chiqish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari energetikada har bir yangi loyiha iqtisodiyot va aholining uzoq muddatli ehtiyojiga xizmat qilishi, ishlab chiqarish, tarmoq yuklamasi va iste’mol o‘rtasida doimiy muvozanat ta’minlanishi kerakligini ta’kidladi.

Mutasaddilarga amalga oshirilayotgan yirik loyihalarni belgilangan muddatlarda ishga tushirish, kechikayotganlari bo‘yicha investorlar bilan aniq choralar ko‘rish, generatsiya quvvatlari bilan elektr tarmoqlarini mutanosib rivojlantirish, energiya saqlash tizimlarini kengaytirish hamda sohada yangi rejalashtirish va boshqaruv modelini joriy etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish