O‘zbekiston Prezidenti futbol bo‘yicha milliy terma jamoa aʼzolari bilan uchrashdi

May 22, 2026. 19:25 • 4 daq

91
O‘zbekiston Prezidenti futbol bo‘yicha milliy terma jamoa aʼzolari bilan uchrashdi

TOSHKENT, 22-may. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi aʼzolari, murabbiylar shtabi, soha faxriylari va sport jamoatchiligi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi terma jamoaning AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida o‘tadigan jahon chempionatiga yo‘llanma olgani xalqimiz uchun tarixiy voqea bo‘lganini taʼkidladi.

Futbol muxlislarimiz bu kunni 34 yil kutdi. Milliy terma jamoa aʼzolari har bir o‘yinga yuksak masʼuliyat, vatanparvarlik ruhi va g‘alabaga ishonch bilan maydonga tushib, mamlakatimiz futbol tarixida yangi sahifa ochdi.

Prezidentimiz futbolchilar, ularni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onalari, ustoz va murabbiylarga minnatdorlik bildirdi.

– Futbolchilarimizni O‘zbekiston tarixida yangi sahifa ochgan zamonamiz qahramonlari deb aytsak arziydi. Ular xalqimizga olam-olam quvonch bag‘ishladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Uchrashuvda milliy terma jamoaning muvaffaqiyati nafaqat sport sohasi, balki butun jamiyat hayotida katta ruhiy ko‘tarinkilik uyg‘otgani qayd etildi. Bugun futbolchilar yoshlar uchun haqiqiy namunaga aylandi, sportga qiziqish yana-da ortdi, adabiyot va sanʼat ahli, tadbirkorlar, keng jamoatchilik bu tarixiy natijadan ilhom olmoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda sportni, xususan, futbolni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Joylarda 200 dan ziyod yirik sport inshooti, 4 mingga yaqin xususiy sport klublari ish boshladi. 1,5 mingdan ortiq mahallada sport maydonchalari qurildi. Poytaxtimizda zamonaviy Olimpiya shaharchasi barpo etildi, Yuqori Chirchiqda Milliy futbol markazi ishga tushirildi. Har bir viloyatda professional futbol akademiyasi va futbol maktablari tashkil qilindi.

Bu ishlar natijasida havaskor futbolchilar soni 5 millionga yetdi. Futbol bilan muntazam shug‘ullanuvchilar 1 million 300 mingdan oshdi, professional futbolchilar 17 ming nafarga yetdi.

Davlatimiz rahbari futbolda ochiq va shaffof tizim yaratilgani, korrupsiya va tanish-bilishchilik kabi illatlarga barham berilishi iqtidorli yoshlarni katta maydonga olib chiqqanini taʼkidladi.

Uchrashuvda futbolni mahallalargacha keng yoyish, uni yoshlar tarbiyasi, sog‘lom turmush tarzi, intizom va vatanparvarlik maktabiga aylantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shu maqsadda “Har bir mahalla – futbol maydoni” dasturi boshlanishi belgilandi. Mazkur tashabbus umummilliy harakatga aylantiriladi.

Dastur doirasida “Mahalla ligasi” tashkil etilib, 12-17 yoshli o‘g‘il-qizlar o‘rtasida mahalla futbol jamoalari tuziladi. Har yili havaskor futbolchilar ishtirokida “mahalla – tuman – viloyat – respublika” bosqichlaridan iborat musobaqalar o‘tkaziladi.

Taʼkidlanganidek, “Mahalla ligasi” eng yaxshi iqtidorlarni saralashda professional klublar uchun muhim baza bo‘lib xizmat qiladi. Har bir bolaga o‘z mahallasida futbol bilan shug‘ullanish, musobaqalarda ishtirok etish va isteʼdodini namoyon qilish imkoniyati yaratiladi.

Uchrashuvda milliy terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro boshchiligidagi murabbiylar shtabi faoliyati ham alohida qayd etildi.

Davlatimiz rahbari Fabio Kannavaroni jahon futbolida katta tajribaga ega mutaxassis sifatida taʼrifladi. U 2006-yilda Italiya terma jamoasi sardori sifatida jahon chempioni bo‘lgan, o‘sha yili dunyoning eng yaxshi futbolchisi deb eʼtirof etilib, “Oltin to‘p” sovrinini qo‘lga kiritgan.

Qayd etilganidek, murabbiylar shtabi futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi, intizomi, taktik yondashuvi va har bir detalga masʼuliyat bilan qarash bo‘yicha yangi talablarni joriy etmoqda. Jamoa o‘yinida to‘g‘ri pozitsiya tanlash, yuqori pressing, to‘p nazorati va tezkor qarshi hujumlar kabi zamonaviy futbol elementlari kuchaymoqda.

Prezidentimiz Fabio Kannavaroni murabbiy sifatida mundialdagi birinchi ishtiroki bilan tabriklab, murabbiylar shtabiga muvaffaqiyat tiladi.

Davlatimiz rahbari jahon chempionatida oson o‘yin bo‘lmasligini, milliy terma jamoa Portugaliya, Kolumbiya va Kongo kabi kuchli jamoalarga qarshi maydonga tushishini taʼkidladi. Shu bilan birga, futbolchilarimiz allaqachon tarix yaratgani, endi ular muhim uchrashuvlarda ortiqcha bosimsiz, bor kuch-g‘ayrati bilan Vatan sharafini munosib himoya qilishi zarurligi qayd etildi.

Mundial o‘yinlarida fan-klublar, minglab futbol muxlislari va Amerikadagi vatandoshlarimiz stadionlarda jamoamizni qo‘llab-quvvatlaydi.

– El-yurtimiz sizlarga ishonadi, Prezident sizlarga ishonadi. Boringlar, mardonavor o‘ynanglar, Vatan sharafini munosib himoya qilinglar, – dedi davlatimiz rahbari.

Uchrashuv samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Milliy terma jamoaga jahon chempionatida munosib ishtirok etish, yangi zafarlar va omad tilab qolindi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish