O‘zbekiston Prezidenti istiqbolli tashabbuslar taqdimoti bilan tanishdi

May 22, 2026. 15:00 • 3 daq

70
O‘zbekiston Prezidenti istiqbolli tashabbuslar taqdimoti bilan tanishdi

TOSHKENT, 22-may. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumi doirasida saralab olingan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim jihati – aholining, ayniqsa, yoshlar va tashabbuskor fuqarolarning ilg‘or g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni amaliy loyihalarga aylantirish uchun ochiq va samarali mexanizmlar yaratishdir.

Shu maqsadda Prezidentimizning 2025-yil 14-iyuldagi “Islohotlarni amalga oshirishda istiqbolli tashabbuslarni yana-da qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumini o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Uning asosiy maqsadi keng jamoatchilik tomonidan ilgari surilayotgan dolzarb takliflarni saralash, qo‘llab-quvvatlash va hayotga tatbiq etishdan iborat.

Forum doirasida kelajakuchun.gov.uz kraudplatformasi ishga tushirildi. Bu orqali aholi o‘z tashabbuslarini ochiq tarzda taqdim etishi, ularni muhokama qilish va ekspert baholashidan o‘tkazish imkoniyati yaratildi.

Joriy yilgi forum uchun tashkiliy qo‘mita tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish va bandlikni taʼminlash, ekologiya, suv taʼminoti va “yashil” energetika qamrovini kengaytirish, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni joriy etish, tibbiyot va taʼlim sifatini oshirish, sud-huquq tizimini zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlar etib belgilandi.

Forum eʼlon qilingach, aholidan 1 ming 300 dan ortiq taklif va tashabbus kelib tushdi. Dastlab ular Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hamda “Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan ko‘rib chiqilib, belgilangan ustuvor yo‘nalishlar kesimida umumlashtirildi.

Shundan so‘ng tashabbuslar Mentorlar kengashi aʼzolari va sohaviy ekspertlar ishtirokida tahlil qilinib, amaliy ahamiyati, joriy etish imkoniyati, ijtimoiy-iqtisodiy samarasi va kengaytirish istiqbollari nuqtai nazaridan baholandi. Ushbu jarayon yakunlari bo‘yicha eng dolzarb loyihalar “TOP-50” va “TOP-10” ro‘yxatlariga saralab olindi.

Forumning birinchi kunida “TOP-10” tashabbus mualliflarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. G‘oliblarga sertifikatlar va pul mukofotlari topshirildi.

Davlatimiz rahbariga taqdim etilgan loyihalar orasida yo‘l qurilishida plastik chiqindilardan foydalanish, innovatsion havo tozalash uskunasini ishlab chiqish, chekka hududlarni ko‘chma qurilma vositasida energiya bilan taʼminlash, piyodalar yo‘lakchasida avtomatlashtirilgan ogohlantirish tizimini joriy qilish, milliy muhandislik platformasini yaratish kabi tashabbuslar bor.

Taqdimotda ushbu g‘oyalarning har biri muayyan ijtimoiy yoki iqtisodiy muammoni hal etishga qaratilgani taʼkidlandi.

Loyihalar tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Adliya vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Transport vazirligi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va boshqa masʼul tashkilotlarga biriktiriladi.

Ularni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, har bir tashabbusning ijrosi tizimli ravishda kuzatib boriladi. “Biznesni rivojlantirish banki” ATB istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish va ularning bajarilishini doimiy monitoring qilishda ishtirok etadi.

Davlatimiz rahbari tashabbuslarning amaliy natijasiga alohida eʼtibor qaratish, mualliflar bilan birga ishlab, har bir loyihani hayotiy, iqtisodiy samara beradigan va odamlarga foyda keltiradigan yechimga aylantirish muhimligini taʼkidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish