O‘zbekiston Prezidenti: Vazirlik va idoralar faoliyatida “jarayon uchun” emas, “natija uchun” ishlash tamoyili asosiy mezonga aylanishi zarur
May 22, 2026. 14:53 • 5 daq
• 85
TOSHKENT, 22-may. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Xalqaro kongress markazida “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi doirasida o‘tkazilgan taqdirlash marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida so‘nggi yillarda mamlakatimizda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi lozim” degan tamoyil davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini taʼkidladi. Islohotlar markazida inson qadrini ulug‘lash, fuqarolar va tadbirkorlar uchun munosib sharoit yaratish maqsadi turibdi.
Qayd etilganidek, samarali davlat boshqaruvisiz hech bir sohada kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Har bir fuqaro kundalik hayotida his qilayotgan ijobiy o‘zgarishlar orqali davlat faoliyatiga baho beradi. Shu bois, boshqaruv idoralari odamlarning muammolarini o‘z vaqtida, adolatli va tizimli hal etishi zarur.
Ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratiya islohotlar samarasini pasaytirishi, aholining davlatga ishonchini susaytirishi taʼkidlandi. Shu nuqtai nazardan, davlat boshqaruvida yangicha va ilg‘or yondashuvlarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bu borada Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlik muhim o‘rin tutmoqda. So‘nggi yillarda davlat boshqaruvi sohasida ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklik yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘tgan yil noyabr oyida byurokratiyani bartaraf etish va sunʼiy intellekt bo‘yicha xalqaro forumlar birgalikda yuqori saviyada o‘tkazildi, davlat boshqaruvida ilg‘or tajriba almashish yuzasidan hamkorlik kelishuvi imzolandi.
“Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi ana shu hamkorlikning amaliy natijasi sifatida baholandi.
Prezidentimiz mazkur dastur davlat idoralari faoliyatini xolis baholash, ularning kuchli va zaif tomonlarini aniqlash, ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirish hamda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Joriy yil yanvar-aprel oylarida dastur doirasida 40 ta respublika idorasi faoliyati, boshqaruv sifati va rahbar kadrlarning yetakchilik qobiliyati xalqaro ekspertlar hamda mahalliy mutaxassislar tomonidan baholandi.
Taqdirlash marosimida bir qator vazirlik va idoralar erishgan natijalari uchun eʼtirof etildi.
Adliya vazirligi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha eng namunali vazirlik nominatsiyasida g‘olib deb topildi. Qayd etilganidek, vazirlik qisqa vaqtda zamonaviy, ochiq va raqamli adliya institutiga aylandi. Bugungi kunda 30 ta platforma orqali 380 ta xizmat to‘liq raqamlashtirilgan, 780 dan ortiq xizmatdan onlayn foydalanish imkoniyati yaratilgan, 208 ta davlat xizmatlari markazi butun mamlakat bo‘ylab yagona standart asosida ishlamoqda.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi resurslarni boshqarish bo‘yicha eng namunali vazirlik sifatida eʼtirof etildi. Vazirlikda ajratilgan mablag‘lar yangi konlarni qidirib topish va sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgani, geologiya-qidiruv ishlarida suv sarfi 20 foizga qisqartirilgani, asosiy konchilik uskunalarining mahalliylashtirish darajasi 84 foizga yetkazilgani taʼkidlandi.
Ichki ishlar vazirligi davlat xizmatlarini ko‘rsatishdagi ijobiy natijalari uchun eng namunali deb topildi. Vazirlik tomonidan ko‘rsatilayotgan 60 ga yaqin xizmatning 95 foizi raqamli shaklga o‘tkazilgan. Ilgari tarqoq bo‘lgan 72 ta maʼlumotlar bazasi yagona “Xavfsiz shahar” tizimiga birlashtirilib, unga 14 ta boshqaruv markazi va 20 dan ortiq vazirlik ulangan. O‘tgan yili 148 mingdan ziyod maʼmuriy ish masofaviy tarzda ko‘rib chiqilgan.
Tanlov doirasida namunali rahbar va mutaxassis xodimlar ham taqdirlandi. Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi boshqarma boshlig‘i Maqsud Bolibekov eng namunali rahbar xodim, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bo‘lim boshlig‘i Fazliddin Mo‘minov eng namunali maʼmuriy xodim, “O‘zatom” agentligi bosh mutaxassisi Shohmirzo Umarov eng namunali mutaxassis xodim, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri maslahatchisi Ummatoy Yo‘ldosheva eng namunali ayol xodim, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi loyiha ofisi rahbari Akbarxon Sobirxonov eng namunali isteʼdodli yosh xodim, Adliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Mirsaid Raxmatov inson resurslari bo‘yicha eng namunali xodim sifatida g‘olib bo‘ldi.
Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Olim Omonov eng namunali vazir o‘rinbosari, Atom energiyasi agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayev eng namunali agentlik direktori, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Xalilillo To‘raxo‘jayev eng namunali qo‘mita raisi sifatida eʼtirof etildi.
Davlatimiz rahbari eʼtirof etilgan xodimlarni lavozimini bir pog‘onaga ko‘tarish va rahbar kadrlar zaxirasiga kiritish taklifini bildirdi. Ularning o‘z ustida doimiy ishlashi, yangicha fikrlashi va mehnat faoliyatiga innovatsion yondashuvlarni tatbiq etishi boshqalar uchun o‘rnak bo‘lishi lozimligi taʼkidlandi.
Prezidentimiz kelgusi bosqichlarda dastur yanada ochiq va talabchan bo‘lishini qayd etdi. Bundan buyon yaxshi natija ko‘rsatgan idoralar bilan birga samaradorlik va xizmat sifati bo‘yicha ortda qolayotgan tashkilotlar ham ochiq aytiladi. Bu davlat idoralarini o‘z faoliyatiga xolis baho berish, kamchiliklarni bartaraf etish va aholi oldidagi masʼuliyatini oshirishga undaydi.
Endilikda “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi har ikki yilda o‘tkaziladi. Kelgusi bosqichdan unda mahalliy hokimliklar ham ishtirok etadi. Chunki islohotlar natijasi, avvalo, quyi bo‘g‘inda, tuman va shaharlar darajasida sezilishi kerak.
Davlatimiz rahbari xalq ishonadigan, inson qadrini ulug‘laydigan, odamlarning og‘irini yengil qiladigan samarali davlat tizimini yaratish bundan keyin ham ustuvor vazifa bo‘lib qolishini taʼkidladi. Vazirlik va idoralar faoliyatida “jarayon uchun” emas, “natija uchun” ishlash tamoyili asosiy mezonga aylanishi zarurligi qayd etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid




