O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar

Oktabr 14, 2026. 21:40 • 2 daq

• 52
O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar

TOSHKЕNT, 14-oktabr. /“Dunyo” AA/. Boku shahriga amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, suhbat avvalida O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon yetakchisini Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashga raisligi muvaffaqiyatli kechayotgani hamda uning yettinchi sammiti yuqori saviyada tashkil etilgani bilan samimiy tabrikladi.

Shu yilning avgust oyida Ozarbayjon Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish orqali O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Barcha darajalarda samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshdi. Geologiya, energetika, qurilish, transport, logistika, yengil sanoat, turizm va boshqa sohalardagi kooperatsiya loyihalari faol pallaga kirdi.

Madaniy-gumanitar almashinuvning tadbirlarga boy dasturi amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashib, bo‘lajak tadbirlar rejasini muhokama qildilar.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish