O‘zbekiston Prezidentining Qozog‘istonga amaliy tashrifi yakunlandi

Noyabr 06, 2026. 19:20 • 58 soniya

• 102
O‘zbekiston Prezidentining Qozog‘istonga amaliy tashrifi yakunlandi

TOSHKENT, 6-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Ostona shahriga amaliy tashrifini yakunladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Qozog‘iston poytaxtida O‘zbekiston Prezidenti sun’iy intellekt sohasidagi xavfsizlik masalalari bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilarining Aqaba jarayoni doirasidagi uchrashuvida ishtirok etdi.

Xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, raqamli texnologiyalarning rivojlanishi bilan bog‘liq yangi xatar hamda tahdidlarga birgalikda qarshi turish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston yetakchisi Iordaniya Podshohi Abdulla II bilan uchrashuv o‘tkazdi. Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston Prezidentlari, Ozarbayjon va Qirg‘izistonning yuqori martabali vakillari hamda Aqaba jarayoni moderatori bilan ham suhbatlar bo‘lib o‘tdi.

Ostona xalqaro aeroportida O‘zbekiston Prezidentini Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev kuzatib qo‘ydi. Davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish