O‘zbekistonda fuqaro va tadbirkorlarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etiladi
Dekabr 17, 2025. 18:42 • 2 daq
• 100
TOSHKENT, 17-dekabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun fuqaro va tadbirkorlarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini raqamlashtirish masalalariga oid taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, joriy yilda o‘zining 30 yilligini nishonlayotgan Konstitutsiyaviy sud faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar bajarildi. Jumladan, 2021-yilda Konstitutsiyaviy sud to‘g‘risidagi qonun yangi tahrirda qabul qilinib, samarali konstitutsiyaviy nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy sud o‘z vakolatlarini to‘laqonli amalga oshirishini taʼminlash bugungi kunning dolzarb vazifasi bo‘lib, mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish taqozo etilmoqda.
Taqdimotda bu boradagi takliflar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, Konstitutsiyaviy sud tomonidan har yili mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlash bo‘yicha taqdim etib boriladigan taklif va tavsiyalarni amalga oshirishning samaradorligi oshiriladi.
Bunda Konstitutsiyaviy sud tomonidan fuqaro va tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartib-taomillari maqbullashtiriladi, sansalorliklar bartaraf etiladi.
Shuningdek, “konstitutsiyaviy shikoyat” instituti samaradorligini oshirish va murojaat etuvchilarning sud himoyasini taʼminlash maqsadida sud ishida qo‘llanilgan qonun Konstitutsiyaga muvofiq emas deb topilgan taqdirda tegishli sud hujjatini qayta ko‘rib chiqish tartibini joriy etish taklif qilindi.
Taqdimotda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini raqamlashtirish orqali aholiga qulaylik yaratish masalalari ham muhokama qilindi.
Xususan, Konstitutsiyaviy sud majlislarida masofadan onlayn tarzda ishtirok etish, sud majlislarini internet orqali translyatsiya qilib borish, vazirlik va idoralar o‘rtasida elektron axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Konstitutsiyaviy sudning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, xorijiy mamlakatlarning konstitutsiyaviy sudlari bilan hamkorlikni mustahkamlash muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Sudning Osiyo konstitutsiyaviy sudlari assotsiatsiyasiga raisligi doirasida mamlakatimizda va xorijda qator xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston Prezidenti 18-20-dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan Yaponiyada bo‘ladi
O‘zbekiston Prezidenti Janubiy Koreya Parlamenti spikerini qabul qildi