O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi nutqi

Oktabr 30, 2026. 16:40 • 6 daq

• 148
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi nutqi

(2026-yil 30-oktabr, Anqara shahri)


Hurmatli Rejep Tayyip Erdog‘an Janobi Oliylari!

Hurmatli davlatlar va delegatsiyalar rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

Siz, azizlar bilan buyuk sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan go‘zal Anqara shahrida diydorlashib turganimdan g‘oyat mamnunman.

Qadrli birodarim Rejep Tayyip Erdog‘an Janobi Oliylarini va butun turk xalqini mamlakatning qutlug‘ bayrami – Respublika kuni bilan qizg‘in tabriklayman.

Qardosh turk xalqiga tinchlik-omonlik, farovonlik va muvaffaqiyatlar tilayman.

“Turkiy asr: tilda, fikrda va ishda birlik” shiori ostida o‘tayotgan sammitimizni yuksak saviyada tashkil etgani va samimiy mehmondo‘stligi uchun hurmatli Turkiya Prezidentiga alohida minnatdorlik bildiraman.

Sammit arafasida so‘lim “Beshtepa” bog‘ida davlatlarimizning milliy-madaniy majmuasi ochilgani xalqlarimizning mushtarak merosini asrab-avaylash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Ishonchim komilki, ushbu ramziy yodgorlik turkiy dunyo birligining yorqin timsoliga aylanadi.


Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Bugun xalqaro munosabatlar tizimi tubdan o‘zgarmoqda, geosiyosiy raqobat keskinlashmoqda. Turkiy dunyo atrofidagi mintaqalarda davom etayotgan qurolli mojaro va ziddiyatlar nafaqat xavfsizlikka, balki savdo-iqtisodiy, transport aloqalari va taraqqiyot istiqbollariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Boy tabiiy resurslar va iqtisodiy imkoniyatlarga ega bo‘lgan mintaqada ta’sirchan global taraqqiyot markaziga aylanib borayotgan Turkiy davlatlar tashkilotini biz o‘zaro ishonch va amaliy sheriklik maydoni sifatida ko‘ramiz.

Biz strategik maqsadlarimiz atrofida yanada jipslashib, manfaatlarimizni xalqaro maydonda birgalikda ilgari surishimiz lozim. Barchamiz ushbu ezgu yo‘lda yakdilmiz va o‘z kuch-g‘ayratimizni turkiy birdamlik uchun safarbar etishga tayyormiz.


Qadrli do‘stlar!

Tashkilotimiz doirasida dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan muntazam siyosiy maslahatlar o‘tkazish, yondashuv va sa’y-harakatlarimizni muvofiqlashtirish muhim deb hisoblaymiz.

Tashkilotning xalqaro maydondagi nufuzi va obro‘-e’tibori uning tashqi sheriklar bilan ochiq va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantira olish salohiyatiga ham bog‘liqdir. Shu maqsadda uchinchi mamlakatlar bilan “Turkiy davlatlar tashkiloti plyus” formatidagi hamkorlikni sohaviy vazirlar uchrashuvlaridan boshlashni taklif etaman. Ushbu muloqotlar savdo, transport, investitsiya va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda aniq qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilishi lozim.

Shu bilan birga, texnologik hamkorlikni chuqurlashtirish, jahon bozoriga birgalikda chiqish imkonini beradigan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishimiz zarur.

Amaliy qadam sifatida “Turkiy dunyo – 100”, ya’ni yuzta strategik qo‘shma investitsiya va sanoat loyihasini qamrab oladigan dastur qabul qilishni taklif etamiz. Ushbu loyihalarga Turkiy investitsiya jamg‘armasi va xalqaro moliyaviy institutlar resurslarini yo‘naltirish alohida ahamiyat kasb etadi.

Nodir va strategik minerallarni to‘liq qayta ishlash, “yashil” energetika uskunalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, yuqori daromadli mahsulotlar tayyorlashga ustuvor ahamiyat qaratish maqsadga muvofiq.

Iqtisodiy aloqalarimiz jadal rivojlanayotgani tufayli tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha umumiy mexanizmlarga ehtiyoj ortmoqda. Shu maqsadda “Tijorat ishlari bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi ko‘p tomonlama shartnoma ishlab chiqish lozim. Ushbu hujjat sud qarorlarini o‘zaro tan olish va ijro etish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.

Ayni paytda ushbu yo‘nalishda vakolatli organlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish tarafdorimiz. Bu borada huquqiy yordam so‘rovlari va hujjatlarni elektron almashishga mo‘ljallangan raqamli platforma tashkil etishni muhim deb hisoblaymiz.

Global ta’minot zanjirlari o‘zgarayotgan hozirgi sharoitda turkiy davlatlarning geografik o‘rni va tranzit imkoniyatlari tobora strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Xalqaro yuk tashish va logistikada davlatlarimizning ishtirokini kengaytirish hamda iqtisodiy manfaatdorlikni oshirish uchun O‘rta koridor va unga tutash boshqa transport yo‘laklarini yaxlit iqtisodiy tizimga aylantirishimiz zarur. Shu maqsadda “Turkiy davlatlar logistika komplekslari tarmog‘i”ni tashkil etish va uni birgalikda boshqarishni taklif etamiz.

Turizm sohasidagi ulkan imkoniyatlarni ham to‘liq ishga solishimiz lozim. Birgina 2025 yilda davlatlarimizga 100 milliondan ziyod xorijlik sayyoh tashrif buyurdi.

Turkiy xalqlarning tarixiy shaharlari, betakror tabiati, boy madaniyati va mehmondo‘stlik an’analarini dunyoga birgalikda taqdim etish maqsadida “Turkiy turizm alyansi”ni tashkil qilish vaqti keldi.

Aholining uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilish uchun Fuqarolarning o‘zaro safarlari to‘g‘risida ko‘p tomonlama bitim ishlab chiqishni taklif etamiz. Unda ID-kartalar asosida safar qilish imkoniyatlarini kengaytirish, chegaradan o‘tish va mezbon davlat hududida bo‘lish tartibini soddalashtirish masalalari aks etishi lozim.

Texnologik taraqqiyotning poydevori, avvalo, inson kapitali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yosh avloddir. Ularning ta’lim olishiga kiritilgan sarmoya uzoq muddatli hamkorligimizning mustahkam asosidir.

Yurtimizda “Yangi O‘zbekiston stipendiyasi” doirasida 500 nafar xorijlik talabaga grant asosida ta’lim olish imkoniyati yaratilgan. Turkiy davlatlar vakillariga har yili 200 ta ta’lim granti ajratishga tayyormiz. Qardosh mamlakatlar yoshlarini ushbu imkoniyatdan unumli foydalanishga chaqiramiz.

Fursatdan foydalanib, 2027-yilni Tashkilot doirasida “Tabiatni asrash yili”, deb e’lon qilish bo‘yicha tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun alohida tashakkur aytmoqchiman.

Keyingi yil davomida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar Antaliyada o‘tadigan COP-31 anjumani doirasida ekologiyaga mas’ul vazirlarimiz yig‘ilishida ko‘rib chiqilishiga ishonaman.


Qadrli do‘stlar!

Xabaringiz bor, turkiy dunyo birligiga ulkan hissa qo‘shgan insonlarni munosib rag‘batlantirish maqsadida buyuk mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etgan edik.

Kecha ushbu nufuzli mukofotning Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, elchi Dyusen Kaseinovga topshirilishi ilm-fan, san’at va adabiyot yo‘nalishida izlanayotgan yoshlarimizga yangi g‘ayrat va ilhom bag‘ishlashi shubhasiz.

Butun umrini turkiy til ravnaqiga bag‘ishlagan hazrat Alisher Navoiy “Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz”, deb ta’kidlagan edilar. Bugungi sammitimiz shioridan kelib chiqib, barcha turkiy xalqlar uchun birdek tushunarli bo‘lgan va tillarimizdagi mushtarak so‘zlarni jamlaydigan “Umumturkiy so‘zlar lug‘ati”ni yaratish tashabbusini ilgari suraman.


Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Kecha Tashkilotimizning nufuzli mukofoti – “Turkiy dunyo Oliy ordeni” bilan Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti, hurmatli Sadir Nurg‘ojoyevich Japarov Janobi Oliylari taqdirlangani munosabati bilan yana bir bor chin dildan tabriklayman.

Shu o‘rinda Ozarbayjonning Tashkilotimizga raisligi davrida birodarlik rishtalarimizni mustahkamlash, aloqalarimizni yangi bosqichga olib chiqish borasidagi salmoqli ishlari uchun hurmatli Ilhom Geydarovich Aliyev Janobi Oliylariga katta rahmat aytaman.

Bugun raislikni qabul qilib olayotgan Turkiya davlati iqtisodiy hamkorligimizni chuqurlashtirish, tashabbuslarimizni amaliy natijalar bilan boyitishga katta hissa qo‘shadi deb ishonaman.

Turkiya Prezidenti, hurmatli Rejep Tayyip Erdog‘an Janobi Oliylariga ushbu sharafli vazifada ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Shuningdek, Tashkilotimizning navbatdagi sammitini kelgusi yili O‘zbekistonda yuqori darajada o‘tkazishga tayyor ekanimizni ma’lum qilaman.

Kun tartibidagi yana bir masalaga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Oldimizga qo‘yilgan keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirishda a’zo davlatlarning hamjihatligi va Kotibiyatning samarali faoliyati ayniqsa muhimdir. O‘tgan davrda Bosh kotib sifatida sermahsul mehnat qilib, Tashkilotimiz nufuzini har tomonlama oshirishga munosib hissa qo‘shgan Kubanichbek Omuraliyevga minnatdorlik bildiraman.

Shu bilan birga, O‘zbekiston vakili bo‘lgan Mirvohid Azimov nomzodini Bosh kotib lavozimiga qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun barchangizga tashakkur izhor etaman.

Ishonchim komil, yangi Bosh kotib Tashkilotimizning ustuvor vazifalarini amalga oshirish va hamkorligimizni yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shadi.


Muhtaram hamkasblar!

Bugungi Anqara sammiti olijanob maqsadimiz, birdamlik g‘oyamiz va ulug‘vor rejalarimizga erishish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.

Zero, barchamizning orzu-istaklarimiz va intilishlarimiz mushtarak.

Biz bir bo‘lsak, yanada qudratlimiz.

Hamjihat bo‘lsak, yanada yuksak marralarga albatta erishamiz.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish