Logo

Janubiy Koreyadagi o‘zbek diasporasi uchun Ramazon oyi munosabati bilan iftorlik tadbiri tashkil etildi

Mart 14, 2026. 20:09 • 2 daq

61
Janubiy Koreyadagi o‘zbek diasporasi uchun Ramazon oyi munosabati bilan iftorlik tadbiri tashkil etildi

SEUL, 15-mart. /“Dunyo” AA/.  Joriy yilning 14-mart kuni mamlakatimizning Seul shahridagi Elchixonasi tashabbusi bilan Janubiy Koreyaning Tegu shahriga qarashli Kyongsan shaharchasida vatandoshlarimiz uchun iftorlik dasturxoni tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri/

Tadbirda Tegu shahrining Kyongsan shaharchasi hamda unga yaqin hududlarda mehnat faoliyati olib borayotgan va tahsil olayotgan 100 nafardan ortiq vatandoshlarimiz, shuningdek, Surxondaryo viloyatidagi “Xakim Termiziy” masjidi imom-noibi Fatxullo Abdullayev ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahnamoligida xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan doimiy muloqotni taʼminlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, turmush sharoiti va dolzarb muammolarini o‘rganish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida qayd etildi.

“Xakim Termiziy” masjidi imom-noibi Fatxullo Abdullayev yig‘ilganlarni muborak Ramazon oyi munosabati bilan samimiy tabriklab, O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati nomidan ezgu tilaklarini yetkazdi. U xorijdagi vatandoshlar holidan xabar olish, ularni maʼnaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat rahbari topshirig‘iga muvofiq ushbu tashrif amalga oshirilayotganini taʼkidladi.

Tadbir davomida vatandoshlarimiz bilan ochiq va samimiy muloqot tashkil etildi. Hamyurtlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, Elchixona vakillaridan zarur tushuntirish va amaliy maslahatlar oldilar. Ayniqsa, davlat rahbariyati tomonidan xorijdagi o‘zbekistonliklarga ko‘rsatilayotgan doimiy eʼtibor va g‘amxo‘rlik yurtdoshlarimiz tomonidan chuqur minnatdorlik bilan qarshi olindi.

Ishtirokchilar bunday uchrashuvlar ularning Vatan bilan aloqalarini yana-da mustahkamlashga xizmat qilayotganini, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va yangilanishlardan faxr tuyg‘usini uyg‘otayotganini alohida taʼkidladilar. Ular Prezident rahnamoligida xorijdagi vatandoshlar bilan doimiy muloqotni taʼminlash va ularni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar uchun samimiy minnatdorlik bildirdilar.     

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish