Ramazon oyi munosabati bilan Qohirada vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi
Mart 13, 2026. 08:10 • 2 daq
• 135
QOHIRA, 13-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan 11-mart kuni Misr poytaxtida vatandoshlar uchun iftorlik tadbiri tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Misrda vaqtincha yashab va faoliyatini olib borayotgan 400 nafarga yaqin vatandoshlarimiz, jumladan, keksalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar, talabalar, yosh olimlar hamda o‘z oilalari bilan yashayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.
Iftorlikda O‘zbekiston elchisi Mansurbek Qilichev mehmonlarni muborak Ramazon oyi bilan samimiy tabrikladi. U o‘z nutqida, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Ramazon oyi munosabati bilan bildirilgan tabrikda qayd etilganidek, bu oy insonlarni yaxshilikka chorlash, muhtojlarga yordam berish, jamiyatda tinchlik-totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash davri ekanini ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan xorijda, xususan, Misrda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolariga ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik hamda huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar batafsil bayon qilindi. Shu bilan birga, vatandoshlar bilan muntazam muloqot qilish, ularning muammo va takliflarini o‘rganish davlat siyosatidagi muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbirda vatandoshlar bilan ma’naviy muloqotni yanada boyitish maqsadida Misrga tashrif buyurgan Toshkent shahridagi “Siroj Solih” masjidi imom-xatibi Hasan Qodirov Ramazon oyining fazilatlari, inson qalbi va ruhiyatini tarbiyalashdagi o‘rni, mehr-oqibat, sabr-toqat, birdamlik va shukronalik kabi insoniy qadriyatlarning hayotdagi ahamiyati haqida so‘zlab berdi.
Tadbir doirasida Misrdagi O‘zbekiston talabalari uyushmasi rahbari Akbar Ismoilov bilan qisqa intervyu bo‘lib o‘tdi. U davlatimiz tomonidan xorijdagi vatandoshlarga e’tibor qaratilayotgani, Ramazon oyida bunday uchrashuvlar ma’naviy muhitni mustahkamlash uchun imkoniyat yaratishini qayd etdi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida inson qadrini ulug‘lash, mehr-oqibat va saxovatni keng yoyish, jamiyatda bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar uchun yurtdoshlarimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildirildi.
Ishtirokchilar tadbirni katta mamnuniyat bilan qarshi oldilar. Ular uchun hamyurtlarimiz davrasida Ramazonning muborak muhitini his etish, milliy an’analar va ma’naviy qadriyatlar bilan yanada yaqinlashish imkoniyati yaratildi.
Tadbir yakunida mehmonlar uchun milliy taomlar bilan to‘lgan bayram dasturxoni yozildi. Iftorlik samimiy muloqot, o‘zaro hurmat va hamjihatlik ruhida o‘tdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi