Logo

“Agrobank”: 2026-yilda bank tomonidan 56,2 trillion so‘m kredit ajratilishi rejalashtirilgan

Fevral 03, 2026. 18:32 • 3 daq

177
“Agrobank”: 2026-yilda bank tomonidan 56,2 trillion so‘m kredit ajratilishi rejalashtirilgan
“Agrobank”: 2026-yilda bank tomonidan 56,2 trillion so‘m kredit ajratilishi rejalashtirilgan
“Agrobank”: 2026-yilda bank tomonidan 56,2 trillion so‘m kredit ajratilishi rejalashtirilgan

TOSHKENT, 3-fevral. /“Dunyo” AA/. 3-fevral kuni poytaxtimizda “Agrobank” ATB tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Anjumanda ommaviy axborot vositalari xodimlariga “Agrobank”ning 2025-yilgi faoliyat yakunlari hamda 2026-yildagi ustuvor vazifalar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Taʼkidlanganidek, 2025-yil “Agrobank” uchun barqaror moliyaviy o‘sish, tizimli transformatsiya va raqamli rivojlanish davri bo‘ldi. Yil yakunlariga ko‘ra, bank aktivlari 103,6 trillion so‘mga yetib, bank tizimida ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 24,2 trillion so‘mga oshgan bo‘lib, bank faoliyatidagi izchil strategiyaning amaliy natijasidir.

Kredit portfeli ham sezilarli kengaydi: 81,1 trillion so‘mlik kredit qo‘yilmalari shakllantirildi. 2025-yil davomida jami 42,2 trillion so‘m kredit ajratilgan bo‘lib, uning 23,1 trillion so‘mi mikro, kichik va o‘rta biznes loyihalariga yo‘naltirildi. Bu tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash “Agrobank” faoliyatining ustuvor yo‘nalishi ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Bank mijozlari soni 7,4 million nafarga yetib, yil davomida 1,5 milliondan ortiq yangi mijozlar jalb etildi. Depozitlar hajmi 32,5 trillion so‘mni, aholi omonatlari esa 15,9 trillion so‘mni tashkil etdi. Natijada, “Agrobank” 2025-yilda aholi omonatlari o‘sishi bo‘yicha bank tizimida yetakchi o‘rinni egalladi.

Matbuot anjumanida bank xizmatlari sifatini oshirish maqsadida kredit ajratish jarayonlari tubdan qayta ko‘rib chiqilgani qayd etildi. Xususan, kichik kreditlar bo‘yicha qaror qabul qilish muddati 3 kundan 15 daqiqagacha, ipoteka kreditlari bo‘yicha esa 1 yildan 1 kungacha qisqartirildi.

“Yagona xizmat ko‘rsatish tizimi” orqali mijozlarga oid 30 ga yaqin maʼlumot inson omilisiz, avtomatik tarzda davlat elektron tizimlaridan olinmoqda. Avtomatlashtirilgan kredit konveyeri joriy etilib, jismoniy shaxslar uchun kredit ajratish jarayoni 10-12 daqiqagacha qisqartirildi.

Yuridik shaxslar uchun masofaviy xizmatlarni kengaytirish maqsadida “Agrozamin biznes” mobil ilovasi va veb-platformasi ishlab chiqilib, bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Bankda “Agile” transformatsiyasi va “Mijozga yo‘naltirilgan bank” konsepsiyasi asosida “Kaizen” yondashuvi tatbiq etildi.

“Agrobank” anʼanaviy ravishda qishloq xo‘jaligi sohasini moliyalashtirishda yetakchi bo‘lib qolmoqda. 2025-yilda mamlakatda paxta xomashyosining 80 foizi, boshoqli don hosilining 95 foizi “Agrobank” tomonidan moliyalashtirildi. Paxta va g‘alla yetishtirish uchun 15 trillion so‘m kredit ajratildi.

Suv resurslarini tejashga qaratilgan loyihalar alohida eʼtibor markazida bo‘ldi. Suv tejovchi texnologiyalar uchun 2,4 trillion so‘m, fermer xo‘jaliklaridagi sug‘orish nasoslarini quyosh panellari bilan jihozlash uchun qariyb 1 trillion so‘m yo‘naltirildi. Xitoydan keltirilgan 1 400 tonna yuqori sifatli paxta urug‘i hisobiga hosildorlik 40-50 sentnergacha yetkazildi.

Ijtimoiy loyihalar doirasida “Agrobooks” tashabbusi asosida suvdan oqilona foydalanishga bag‘ishlangan “Suv kitobi” to‘plami nashr etilib, fermerlarga bepul tarqatildi. “Agro In-vitro” laboratoriyasi orqali intensiv bog‘lar uchun ko‘chatlar yetishtirilmoqda.

2025-yilda bankda “Sunʼiy intellekt loyiha ofisi” tashkil etildi. Uning asosiy maqsadi - bank va qishloq xo‘jaligi sohasida SI va “Big Data” asosidagi zamonaviy yechimlarni ishlab chiqishdir.

2026-yilda “Agrobank” tomonidan 56,2 trillion so‘m kredit ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, uning 23 trillion so‘mi MKB loyihalariga yo‘naltiriladi. Suv tejovchi texnologiyalar va quyosh panellari uchun 2,6 trillion so‘m, “Suvchilar maktabi” doirasida esa 141 tumanda tajriba maydonlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Kelgusida ekin holatini kosmik suratlar va dronlar orqali masofaviy monitoring qilish tizimi joriy etiladi.

Matbuot anjumani yakunida tadbirkorlar va OAV xodimlari ishtirokida savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. “Agrobank”ning tegishli boshqarma va departament rahbarlari kredit siyosati, raqamli mahsulotlar, qishloq xo‘jaligini moliyalashtirish va xalqaro hamkorlik masalalariga oid savollarga batafsil javob berdi. Ochiq muloqot bank faoliyatining shaffofligi va jamoatchilik bilan samarali aloqalarini yana bir bor namoyon etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish