Masato Kanda: Osiyoning taraqqiyoti integratsiya, qatʼiyat va jamoaviy harakatlarni talab qiladi
May 04, 2026. 15:25 • 3 daq
• 220
SAMARQAND, 4-may /“Dunyo” AA/. Ayni payt Samarqandda davom etayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi 59-yig‘ilishi ochilish marosimida ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy tuzilma rahbari Masato Kanda ham nutq so‘zladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri voqea joyidan.
OTB prezidentining taʼkidlashicha, o‘sib borayotgan global muammolar sharoitida Osiyo va Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari integratsiya va jamoaviy saʼy-harakatlarga tayanib, yana-da qatʼiyroq harakat qilishi kerak. Zamonaviy dunyo geosiyosiy parchalanish, iqtisodiy qiyinchiliklar va ekologik xavflarning kuchayishi bilan birga chuqur o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda.
Dunyo hamjamiyatida davom etayotgan notinchlik, xususan, Yaqin Sharqdagi mojarolar ham iqtisodiyotning rivojlanishiga sezilarli taʼsir ko‘rsatmoqda. Bu ayniqsa, uzoq taʼminot zanjirlariga bog‘liq bo‘lgan mintaqa mamlakatlari uchun juda muhimdir.
Osiyo taraqqiyot banki rahbari tarqoq milliy yechimlarga asoslangan avvalgi yondashuvlar endi zamonaviy inqirozlar ko‘lamiga mos kelmasligini taʼkidladi. Shu munosabat bilan barqaror va o‘zaro bog‘liq rivojlanish tizimlarini shakllantirish ustuvor vazifaga aylanmoqda.
Qayd etilishicha, bank mintaqani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirmoqda. 2025-yilda moliyalashtirish hajmi rekord darajada 44 milliard AQSH dollariga yetdi, shundan 29 milliard dollardan ortig‘i o‘z mablag‘larini tashkil etdi. Hamkorlik mexanizmlari orqali qo‘shimcha 15 milliard dollarga yaqin mablag‘ jalb qilindi.
Qariyb 60 yil ichida bank ustaviga kiritilgan birinchi o‘zgartirish muhim qadam bo‘ldi. Bu esa qo‘shimcha kapital jalb qilmasdan moliyalashtirish hajmini 50 foizga oshirish imkonini berdi. Ayniqsa inqirozli vaziyatlarda loyihalarni amalga oshirishni soddalashtiruvchi va resurslarni taqsimlashni tezlashtiruvchi mexanizmlar joriy etilmoqda.
Uzoq muddatli tashabbuslarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Transchegaraviy energetika infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 50 milliard dollarlik “Pan-Asia Power Grid” loyihasi shular jumlasidandir. 2035-yilga borib, 20 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya manbalarini integratsiya qilish va 200 million aholini elektr energiyasi bilan taʼminlash kutilmoqda.
Shu bilan birga, byudjeti 20 milliard dollar bo‘lgan “Osiyo–Tinch okeani raqamli magistrali” dasturi amalga oshirilmoqda. Unda 650 million aholining internetga kirishini kengaytirish, aholi o‘rtasida raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Taʼkidlanishicha, iqtisodiy o‘sishni taʼminlashda ish o‘rinlarining 90 foizdan ortig‘ini tashkil etuvchi xususiy sektor asosiy rol o‘ynashi kerak. Shu bois, xususiy sektorni har yili moliyalashtirishni 2030-yilga borib 13 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Ustuvor yo‘nalishlar qatorida ekologiya masalalari ham qayd etilgan. Bank iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, biologik xilma-xillikni saqlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan loyihalarga investitsiyalarni ko‘paytirmoqda.
Bank prezidenti misol tariqasida suv resurslarini samarali boshqarish orqali qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi va fermerlar daromadini sezilarli darajada oshirishga erishgan Indoneziya tajribasini keltirdi.
Masato Kanda qayd etganidek, bugungi kunda mintaqa Samarqand Buyuk ipak yo‘lining eng muhim tuguni bo‘lgan davr bilan taqqoslanadigan strategik tanlov oldida turibdi. Uning fikricha, yakkalanish rivojlanish varianti emas, barqaror kelajak faqat hamkorlik va integratsiya asosida bo‘lishi mumkin.
“Kelajak qatʼiyatni talab qiladi. Va bizda uni shakllantirish uchun zarur bo‘lgan hamma narsa bor”, – deya fikr yuritgan OTB prezidenti.
OTB surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi