COP31 doirasidagi O‘zbekiston pavilonida iqlim o‘zgarishi bo‘yicha “Ipak yo‘li” deklaratsiyasi imzolandi
Noyabr 11, 2026. 16:00 • 3 daq
• 154ANTALIYA, 11-noyabr. /“Dunyo” AA/. Antaliyada bo‘lib o‘tayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) doirasida O‘zbekiston ishtirokidagi qator tadbirlar o‘z ishini davom ettirmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Kecha mamlakatimiz milliy paviloni hamda konferensiyaning boshqa maydonlarida demografik jarayonlar, iqlim o‘zgarishi sharoitida aholi mobilligi va ekologiyani moliyalashtirish samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilingan edi.
Bugun davlat va hukumat rahbarlari sammiti boshlandi. 12-noyabrga qadar davom etadigan tadbirlarda asosiy mavzu sifatida “Barqaror, bardoshli va adolatli kelajak sari” shiori ostida turli uchrashuvlar o‘tkazilishi belgilangan.
O‘zbekiston pavilonida “Ikki tomonlama chorlov: inson manfaatlariga yo‘naltirilgan moslashuv yo‘lida demografik va iqlimiy barqarorlikni shakllantirish” mavzusida tadbir (sayd-ivent) o‘tkazildi. Unda BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ko‘magida tayyorlangan, iqlim omillarining aholi salomatligi, daromadlari, infratuzilma va demografik xatti-harakatlariga ta’siriga bag‘ishlangan hisobot taqdim etildi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov mamlakatimiz aholisi 39 million kishidan oshgani va 2050-yilga borib 52 millionga yetishi mumkinligini ta’kidladi. Shu bilan birga, so‘nggi 60 yil ichida o‘rtacha yillik harorat taxminan 1,6 °C ga ko‘tarilganini qayd etdi.
Moslashuv borasida erishilgan natijalar qatorida Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektar maydonda ihota o‘rmonlari barpo etilgani hamda 2,6 million gektar sug‘oriladigan yerda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinishi hisobiga 2025-yilda qariyb 3 milliard kub metr suv tejalishiga erishilgani alohida qayd etildi.
O‘zbekiston tomoni 2027-yilda “Green University” negizida UNFPA bilan hamkorlikda Iqlimiy innovatsiyalar va cho‘l iqtisodiyoti bo‘yicha yoshlar dasturini yo‘lga qo‘yish tashabbusini bildirdi. Mazkur dastur Yosh ekologlar va iqlimiy muzokarachilar maktabi, Orolbo‘yi hududidan boshlab demografik ma’lumotlar asosida iqlim xatarlarini baholash bo‘yicha Yoshlar sun’iy intellekt laboratoriyasi hamda cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish yo‘nalishlarini qamrab oladi.
O‘zbekiston pavilonida iqlim o‘zgarishi sharoitida aholi mobilligi masalalariga bag‘ishlangan yuqori darajadagi tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz davlatlari O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan “Ipak yo‘li” deklaratsiyasini imzoladi.
Ushbu hujjat iqlim omillari sababli yuzaga keladigan migratsiya hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash borasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashni nazarda tutadi. Uning BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan iqlim o‘zgarishi bo‘yicha xalqaro hamkorlikning global doiraviy asosini ishlab chiqish tashabbusini ro‘yobga chiqarishdagi o‘rni e’tirof etildi.
Iqlim jamg‘armalari rahbarlari bilan kechgan muloqot davomida O‘zbekiston ikki tashabbus bilan chiqdi: “5+5” formatida iqlimiy moliyalashtirish bo‘yicha Markaziy Osiyo muloqotini ta’sis etish va uning dastlabki yig‘ilishini 2027-yilda Toshkentda o‘tkazish, erta ogohlantirish tizimidan iqlimiy asoslangan investitsiyalarga o‘tish.
Ikkinchi tashabbus qishloq xo‘jaligi va infratuzilmani rejalashtirishda qurg‘oqchilik, anomal issiq, suv ta’minoti va chang bo‘ronlari bo‘yicha prognozlardan foydalanish hamda natijalarni tejalgan suv hajmi, qayta tiklangan yer maydonlari va mustahkamlangan daromad manbalari orqali baholashni nazarda tutadi.
Aziz Abduhakimov Qirg‘iziston pavilonida Milliy darajada belgilangan hissalar (NDC 3.0)ni amalga oshirish hamda Markaziy Osiyoning tog‘li hududlari barqarorligini oshirishga bag‘ishlangan tadbirda qatnashdi.
Unda ishtirokchilar 2027-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Bishkek+25” Global tog‘ sammitiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tog‘li hududlarning iqlimiy zaifligi, moliyaviy resurslarni jalb etish hamda suv, energetika va iqlimga moslashuv o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik masalalarini muhokama qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi






