O‘zbekiston Prezidenti Antaliya shahrida Jahon iqlim sammitining ochilish marosimida ishtirok etdi

Noyabr 11, 2026. 17:50 • 3 daq

• 14
O‘zbekiston Prezidenti Antaliya shahrida Jahon iqlim sammitining ochilish marosimida ishtirok etdi

TOSHKЕNT, 11-noyabr. /“Dunyo” AA/. Amaliy tashrif bilan Turkiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohasidagi harakatlar bo‘yicha Jahon sammitining ochilish marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tadbir Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) doirasida Antaliya shahrida bo‘lib o‘tmoqda.

Ochilish marosimida turli mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar hamda moliyaviy institutlar boshliqlari ham qatnashdi.

Sammit doirasida delegatsiyalar rahbarlarining birgalikda suratga tushish marosimi bo‘lib o‘tdi.

“Barqaror, osoyishta va adolatli kelajak sari” shiori ostida o‘tayotgan yetakchilar sammiti iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va global ekologik majburiyatlarni bajarish borasidagi xalqaro sa’y-harakatlarga yangi sur’at bag‘ishlashga qaratilgan.

COP31 konferensiyasi 9-noyabr kuni boshlangan va 20-noyabr kuniga qadar davom etadi. Unda davlatlar, xalqaro tashkilotlar, ishbilarmon va ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etmoqda. Parij bitimini hayotga tatbiq qilish, havoga issiqxona gazlarini chiqarishni qisqartirish, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish, iqlim moliyasi qamrovini kengaytirish hamda “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish jarayonini jadallashtirish masalalari diqqat markazida bo‘ladi.

Suv resurslari taqchilligi, tuproqning tanazzulga uchrashi, muzliklar erishi, qurg‘oqchilik va global isishning boshqa oqibatlari kuchayib borayotgan sharoitda bu masalalar O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Sammit doirasida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston hamkorligida xalqaro sheriklar ko‘magida ishlab chiqilgan “Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga chidamli landshaftlar” (CLiCA) mintaqaviy dasturiga start berilgani bu borada muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Ushbu yetti yilga mo‘ljallangan dasturni moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan mablag‘larning umumiy hajmi 264,4 million yevroni tashkil etadi, shundan 103,7 million yevro O‘zbekiston uchun mo‘ljallangan. Mablag‘lar o‘rmonlar va yaylovlarni tiklash, qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishi sharoitida barqaror yondashuvlarni joriy etish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda qishloq aholisining iqlim o‘zgarishiga moslashish imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltiriladi.

O‘zbekiston global iqlim kun tartibi doirasida zimmasiga olgan majburiyatlarni izchil bajarib kelmoqda. Xususan, 2035-yilga qadar yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan gaz chiqindilarini 2010-yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 50 foizga qisqartirish maqsad qilingan.

Mamlakatimiz BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasiga 1993-yilda qo‘shilgan, 2018-yilda esa Parij bitimi ishtirokchisi bo‘ldi. Bugungi kunda O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida atrof-muhitni muhofaza qilish, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish, suv resurslarini tejash va iqlim barqarorligini mustahkamlash borasida xalqaro va mintaqaviy tashabbuslarni faol ilgari surmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish