Eston milliy televideniyesi O‘zbekistonning turistik salohiyati haqida film namoyish etmoqda
Noyabr 11, 2026. 18:00 • 2 daq
• 13
TALLIN, 11-noyabr. /“Dunyo” AA/. Eston milliy teleradiokompaniyasi (“ERR”) tomonidan O‘zbekistonning tarixiy, madaniy, turistik va gastronomik salohiyatiga bag‘ishlangan hujjatli film har hafta efirga uzatilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Film “Gastrotrevel – Mehmonga bormoqda” dasturi doirasida efirga uzatilib, tomoshabinlarni O‘zbekistonning tarixi, madaniyati, milliy an’analari va turistik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtiradi.
Syujetlarda Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylari, zamonaviy arxitekturasi va mamlakatimizning tarixiy-ma’naviy merosi, jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati va ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, teletomoshabinlarga o‘zbekona mehmondo‘stlik, milliy urf-odatlar, an’anaviy oshxona va osh tayyorlash jarayoni namoyish etilmoqda.
“ERR” Estoniyaning keng auditoriyaga ega yetakchi jamoaviy teleradiokompaniyasi hisoblanadi. Televizion efirdan tashqari, film kompaniyaning raqamli “Jupiter” platformasida ham joylashtirilgan bo‘lib, bu uni nafaqat Estoniya aholisi, balki Boltiqbo‘yi va Shimoliy Yevropaning boshqa davlatlari tomoshabinlari ham ko‘rish imkoniyatini beradi.
Ushbu loyiha O‘zbekistonning turistik brendini Shimoliy Yevropa mamlakatlarida targ‘ib qilish hamda ushbu mintaqadan kelayotgan xorijiy sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi