Berlinda o‘zbekistonlik pedagoglarning birinchi qurultoyi bo‘lib o‘tdi

Iyul 01, 2026. 15:02 • 2 daq

34
Berlinda o‘zbekistonlik pedagoglarning birinchi qurultoyi bo‘lib o‘tdi
Berlinda o‘zbekistonlik pedagoglarning birinchi qurultoyi bo‘lib o‘tdi
Berlinda o‘zbekistonlik pedagoglarning birinchi qurultoyi bo‘lib o‘tdi

BERLIN, 1-iyul. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasida Germaniyada istiqomat qilayotgan vatandosh pedagoglarning birinchi Qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda ushbu mamlakatda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik pedagoglar, taʼlim sohasi mutaxasislari ishtirok etdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Qurultoyning asosiy maqsadi vatandosh pedagoglar o‘rtasida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, pedagogika sohasida ularning ilg‘or tajribalari va tashabbuslarini mamlakatimizga jalb etish, maktab taʼlimi sohasida hamkorlikni kengaytirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi elchisi Dilshod Axatov so‘zga chiqib ishtirokchilarni qutladi. Elchi o‘z nutqida so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda taʼlim, ilm-fan, milliy merosni asrab-avaylash va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni rivojlantirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanganini taʼkidladi.

Ilmiy anjumanda mamlakatimizdan tashrif buyurgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining “Germaniyada Turkiston adabiyoti” ilmiy loyihasi vakillari hamda “Jadidlar izidan” respublika tanlovi g‘oliblari o‘z chiqishlari bilan faol ishtirok etdilar. Xususan, “Germaniyada Turkiston adabiyoti” ilmiy loyihasi rahbari professor Shahnoza Madayeva tomonidan “Germaniyada Turkiston adabiyoti” to‘plamining birinchi jildi taqdimoti o‘tkazildi. Taqdimot davomida Turkiston adabiyoti, jadidchilik harakati va o‘zbek maʼrifatparvarlari merosini Germaniya ilmiy muhitida o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Shuningdek, professor Noibaxon Mamadaliyeva “Jadid davri namoyandalari faoliyatida standartlar, metrologiya va mahsulot sifati” mavzusida taqdimot qildi. Unda jadidlar faoliyatining nafaqat taʼlim va maʼrifat, balki jamiyat taraqqiyoti, ishlab chiqarish madaniyati, sifat va zamonaviy boshqaruv qarashlari bilan bog‘liq jihatlari haqida fikr yuritildi.

Ushbu loyiha ishtirokchisi, doktor Azamat Amirov forum kelgusidagi ilmiy ishlarga yangi turtki berganini alohida taʼkidladi. U yoshlar o‘rtasida milliy madaniyat va tarixni ommalashtirishda bunday tadbirlarning ahamiyati katta ekanini qayd etib, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ilmiy-maʼrifiy uchrashuvlar hamda delegatsiyalar almashinuvini kengaytirish tarafdori ekanini bildirdi.

“Jadidlar izidan” respublika tanlovi hakamlar hayʼati raisi Bahrom Irzayev jadid bobolarimizning millat taqdiri, davlat yuksalishi yo‘lidagi kurashlari haqida batafsil maʼlumot berdi. Shundan so‘ng “Jadidlar izidan” respublika tanlovi g‘oliblari o‘zbek jadidlari ijodidan namunalar asosida chiqishlar qildilar. Ular Germaniyada tahsil olgan jadid maʼrifatparvarlarining ilm-fan, taraqqiyot, milliy uyg‘onish va maʼnaviy yuksalish yo‘lidagi harakatlari haqida taqdimot qildilar. O‘quvchilarning Vatanni madh etuvchi sheʼrlar bilan qilgan chiqishlari yig‘ilganlar tomonidan olqishlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish