O‘zbekiston va Germaniya hamkorligi to‘qimachilik tarmog‘ida yangi bosqichga chiqmoqda
Iyul 26, 2026. 11:04 • 3 daq
• 75
BERLIN, 26-iyul. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning to‘qimachilik sohasiga ixtisoslashgan “Masche” jurnalida Germaniya va O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati uyushmalari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan “GUZ Partners - German-Uzbek Textile Partners” loyihasining yangi bosqichiga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, Germaniyaning “GESAMTMASCHE” va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmalari hamkorligida amalga oshirilayotgan loyiha Farg‘ona viloyatidagi muvaffaqiyatli pilot bosqichidan so‘ng Qashqadaryo viloyatida ham davom ettirilmoqda.
Loyiha O‘zbekistondagi kichik va o‘rta to‘qimachilik korxonalarini xalqaro biznes munosabatlariga tayyorlash, ularning boshqaruv, marketing va kommunikatsiya sohalaridagi salohiyatini oshirish, shuningdek, Germaniya kompaniyalari uchun ishonchli va raqobatbardosh hamkorlar doirasini kengaytirishga qaratilgan.
Mazkur loyihaning O‘zbekistondagi uzoq muddatli eksperti Kamola Nabiyevaning ta’kidlashicha, korxona raqobatbardoshligi faqat ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari bilan belgilanmaydi. Xorijiy sheriklar bilan professional muloqot olib borish, aniq qaror qabul qilish mexanizmlari va samarali boshqaruv tizimi ham barqaror hamkorlikning muhim sharti hisoblanadi.
Maqolada O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining xalqaro nufuzini yanada mustahkamlash masalasiga ham e’tibor qaratilgan. Bugungi kunda tarmoq zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, vertikal integratsiyalashgan qiymat zanjirlari hamda xalqaro ijtimoiy va ekologik standartlarga muvofiq faoliyat yuritishga intilishi bilan ajralib turadi. “Narx va sifat bilan bir qatorda ochiqlik, shaffoflik hamda kelishilgan standartlarga rioya qilinishiga bo‘lgan ishonch ham tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda”, - deydi ekspert Kamola Nabiyeva.
“GUZ Partners” doirasida xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor berilmoqda. Faol va istiqbolli tadbirkor ayollarni milliy hamda xalqaro ishbilarmonlik tarmoqlariga kengroq jalb etish ularning biznes imkoniyatlarini oshirish, xorijiy sheriklar bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Loyiha doirasida Qarshi shahrida tashkil etilgan biznes-forumda Farg‘ona, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlaridan kelgan tadbirkor xotin-qizlar bilan o‘zaro tajriba almashildi. Ishtirokchilar “Bunyodkor” korxonasi faoliyati bilan tanishib, yirik va kichik korxonalar o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Nashr xulosasiga ko‘ra, “GUZ Partners” Germaniya va O‘zbekistonning kichik va o‘rta korxonalari o‘rtasida barqaror biznes munosabatlarini shakllantirish, ta’minot manbalarini diversifikatsiya qilish hamda to‘qimachilik qiymat zanjirining turli bosqichlarida yangi hamkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirishga ko‘maklashmoqda.
Loyiha Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi ko‘magida “sequa” tashkiloti ishtirokida amalga oshirilmoqda, deya maqolaga yakun yasaydi nemis manbasi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi