Xorvatiyada mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi
Iyul 28, 2026. 10:02 • 2 daq
• 116SPLIT-TRIL, 28-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari tomonidan Xorvatiyaning Split va Tril shaharlarida sayyor konsullik qabuli tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvlar davomida fuqarolarga qabul qiluvchi mamlakatda bo‘lish qoidalari, konsullik hisobida turish tartibi va uning ahamiyati, shuningdek, konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish mexanizmlari yuzasidan batafsil maʼlumotlar berildi.
Shu bilan birga, fuqarolarning huquq va majburiyatlari hamda ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan muloqotlar jarayonida ushbu hududlarda mehnat qilayotgan vatandoshlar uchun yaratilgan ish sharoitlari va mehnat haqi darajasi qoniqarli ekani aniqlandi. Qayd etilganidek, ularning aksariyati barqaror ish o‘rinlari va munosib ish haqi bilan taʼminlangan.
Bundan tashqari, vatandoshlar turli diniy ekstremistik oqimlar va radikal g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi guruhlar taʼsiriga tushib qolmaslikka chaqirildi. Bunday holatlarga nisbatan doimo ogoh va ehtiyotkor bo‘lish, shubhali vaziyatlarga duch kelinganda zudlik bilan belgilangan tartibda elchixonaga murojaat qilish zarurligi alohida taʼkidlandi.
Uchrashuvlar savol-javob tarzida davom ettirilib, fuqarolarni, jumladan, talabalarni qiziqtirgan barcha masalalar yuzasidan huquqiy asoslangan va atroflicha javoblar berildi.
Tashrif doirasida mahalliy ish beruvchilar bilan ham qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Xorvatiyada ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj yuqori bo‘lib, ko‘plab sohalarda kadrlar tanqisligi kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan mahalliy ish beruvchilar O‘zbekistondan mehnat resurslarini jalb etishga katta qiziqish bildirmoqda va hamkorlikka tayyor ekanini maʼlum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


