Rossiyaning Kemerovo shahrida O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash masalalari muhokama qilindi
Avgust 08, 2026. 14:00 • 2 daq
• 185
KEMEROVO, 8-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli Aslam Akbarov Kemerovo viloyati–Kuzbass inson huquqlari bo‘yicha vakili Vasiliy Borisov bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda Kemerovo viloyatida istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda ular bilan bog‘liq masalalar yuzasidan idoralararo hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Rossiya tomoni maʼlumotlariga ko‘ra, keyingi davrda hududda O‘zbekiston fuqarolarining migratsiya qonunchiligi talablarini buzishi bilan bog‘liq holatlar sezilarli darajada kamaygan. Shu bilan birga, ularning huquq va qonuniy manfaatlari cheklanishiga oid holatlar ham deyarli qayd etilmagan.
Tomonlar, shuningdek, bolalar huquqlarini himoya qilish va ularning manfaatlarini taʼminlash sohasida O‘zbekistonning tegishli idoralari hamda Kemerovo viloyati – Kuzbass vasiylik va homiylik organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr almashdilar.
Muloqot davomida Kemerovo viloyati bo‘yicha Rossiya Federal jazoni ijro etish xizmati Bosh boshqarmasiga qarashli 1-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan bir guruh vatandoshlar bilan bog‘liq vaziyatga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Mazkur fuqarolarga nisbatan bitta jinoyat ishi doirasida sud jarayoni olib borilayotgani taʼkidlandi.
Bosh konsul vatandoshlarning huquq va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi, ularga nisbatan xolis munosabat taʼminlanishi muhimligini qayd etdi. Bundan tashqari, ushbu masalaga eʼtibor qaratib, uning xolis va qonuniy hal etilishiga ko‘maklashayotgan Kemerovo viloyati–Kuzbass inson huquqlari bo‘yicha vakiliga minnatdorlik bildirildi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston tomonining yozma murojaatidan so‘ng mazkur holat Rossiya inson huquqlari bo‘yicha vakilining qatʼiy nazoratiga olingani maʼlum qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi