Hamyurtimiz MDHning eng yaxshi talabasi bo‘ldi

Iyun 02, 2026. 17:25 • 2 daq

110
Hamyurtimiz MDHning eng yaxshi talabasi bo‘ldi
Hamyurtimiz MDHning eng yaxshi talabasi bo‘ldi
Hamyurtimiz MDHning eng yaxshi talabasi bo‘ldi
Hamyurtimiz MDHning eng yaxshi talabasi bo‘ldi

SANKT-PЕTЕRBURG, 2-iyun. /“Dunyo” AA/. A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti Sharqshunoslik instituti magistranti Erkinboy Mamanazarov “MDHning eng yaxshi talabasi” xalqaro tanlovi g‘olibi bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Andijon viloyatida tug‘ilgan Erkinboy Mamanazarov MDH davlatlaridan ikki mingdan ziyod talaba ishtirok etgan nufuzli xalqaro tanlovning I darajali laureati bo‘ldi. Tantanali taqdirlash marosimi Ostona shahridagi Vazirliklar uyida bo‘lib o‘tdi.

Ushbu yuksak mukofot unga a’lo darajadagi akademik yutuqlari, ijtimoiy faoliyati hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hududida yoshlar siyosatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun berildi.

Erkinboy Mamanazarov o‘qish bilan birga tilshunoslik, sharqshunoslik va sharq tillarini o‘qitish metodikasi sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda, qator ilmiy nashrlar va o‘quv-uslubiy materiallar muallifidir. 

U Rossiya davlat pedagogika universiteti qoshidagi O‘zbek madaniyati markazining loyihalar muvofiqlashtiruvchisi sifatida yoshlar tashabbuslarini amalga oshirish va millatlararo hamkorlikni mustahkamlashda ham faol ishtirok etib kelmoqda.

Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universitetida vatandosh talabalar tomonidan tashkil etilgan ilk Xalqaro madaniyat festivali ham yana bir muhim voqea bo‘ldi. 

Ushbu tadbir O‘zbekiston Bosh konsulxonasi, universitet talabalar kengashi, Sankt-Peterburg Xalqaro do‘stlik klubi hamda Millatlar uyi qoshidagi Yoshlar kengashi ko‘magida o‘tkazildi.

Festival doirasida madaniy ko‘rgazma tashkil etilib, unda turli mamlakatlar vakillari o‘z milliy liboslari, cholg‘u asboblari va an’anaviy turmush buyumlarini namoyish etdi. Mehmonlar interfaol shaklda turli xalqlarning boy madaniy merosi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Konsert dasturi ishtirokchilarning vokal, cholg‘u va xoreografik chiqishlarini o‘zida jamladi. 150 nafardan ortiq mehmon va ishtirokchini to‘plagan festival madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, do‘stlik aloqalarini mustahkamlash hamda xalqaro talabalar hamkorligini kengaytirish uchun samarali maydon vazifasini o‘tadi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish