Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalari Termiz o‘zaro bog‘liqlik muloqotining ikkinchi yig‘ilishiga tayyorgarlikning borishini keng yoritmoqda

Iyun 02, 2026. 18:25 • 3 daq

65
Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalari Termiz o‘zaro bog‘liqlik muloqotining ikkinchi yig‘ilishiga tayyorgarlikning borishini keng yoritmoqda
Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalari Termiz o‘zaro bog‘liqlik muloqotining ikkinchi yig‘ilishiga tayyorgarlikning borishini keng yoritmoqda

SЕUL, 2-iyun. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning nufuzli nashrlarida 4–6-iyun kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Tinchlik, o‘zaro bog‘liqlik va barqarorlik: umumiy farovonlik poydevorini shakllantirish” mavzusidagi Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi haqida maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, Janubiy Koreyaning yetakchi nashri – “AJP” gazetasi poytaxtimizda o‘tkaziladigan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishini keng yoritgan.

Nashrda ta’kidlanishicha, Termiz muloqoti 2025-yilda doimiy faoliyat yurituvchi xalqaro platforma sifatida ta’sis etilgan bo‘lib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbusini amaliy jihatdan ilgari surishga xizmat qilmoqda. Ushbu tashabbus xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlanib, BMT Bosh Assambleyasining 2022-yil 11-iyulda qabul qilingan maxsus rezolyutsiyasi bilan mustahkamlangan.

“Global Korea Post” gazetasida ham Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi haqida maqola e’lon qilingan. Materialda qayd etilishicha, bu galgi yig‘ilish O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Forumda Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, MDH, Janubiy Kavkaz, Osiyo–Tinch okeani mintaqasi, Yaqin Sharq va Amerika mamlakatlaridan 150 nafardan ortiq siyosiy, ishbilarmon va ekspert doiralari vakillari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Ommabop “UN Journal” nashrida ham Toshkentda o‘tkaziladigan Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi haqida alohida maqola chop etilgan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan mazkur xalqaro muloqotda ishtirok etuvchilar va hamkorlar qatorida BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi vakillari ham qatnashadi.

Maqolada yozilishicha, forum dasturida sayyor sessiyalarni o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. Muloqot ishtirokchilari Termiz shahriga tashrif buyurib, Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy va logistika sohasidagi hamkorlikning zamonaviy infratuzilmasi, jumladan, “Ayritom” xalqaro savdo markazi va “Termiz Cargo Center” xalqaro logistika xabi faoliyati bilan tanishishi, qadimiy shaharning boy madaniy-tarixiy merosini yaqindan ko‘rishi mumkin.

Muloqotning uchinchi kuni Samarqandda bo‘lib o‘tadi. Unda delegatlar tarixan Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida ko‘prik bo‘lib xizmat qilgan Samarqand Renessansining noyob sivilizatsiyaviy merosi bilan tanishadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish