Floridada vatandoshlar muammolari joyida hal qilinib, hayit dasturxoni yozildi

May 29, 2026. 14:40 • 2 daq

122
Floridada vatandoshlar muammolari joyida hal qilinib, hayit dasturxoni yozildi
Floridada vatandoshlar muammolari joyida hal qilinib, hayit dasturxoni yozildi
Floridada vatandoshlar muammolari joyida hal qilinib, hayit dasturxoni yozildi

FLORIDA, 29-may. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning AQSHdagi elchixona tomonidan Florida shtati Orlando shahrida vatandoshlar uchun sayyor konsullik qabuli hamda ehson dasturxoni tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Qabul jarayonida ko‘plab vatandoshlar muddati tugayotgan pasportlarini yangilash, notarial harakatlarni joyida amalga oshirish va boshqa konsullik xizmatlaridan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi. Ular o‘z muammolariga tez va qulay yechim topilgani elchixona xodimlariga minnatdorlik bildirdi.

Shu bilan birga, fuqarolarga AQSH migratsiya qonunchiligi bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Xususan, mamlakatga qonuniy kirib kelish, qonuniy asosda yashash va mehnat qilish, shaxsiy hujjatlarni o‘z vaqtida yangilab borish, huquqbuzarliklar hamda turli yot g‘oyalar taʼsiridan saqlanish bo‘yicha profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

Vatandoshlar elchixona xodimlari tomonidan Qurbon hayiti arafasida ko‘rsatilgan bu kabi savobli va zarur konsullik xizmatlarini alohida mamnuniyat bilan qabul qilganini taʼkidladi. Murojaatlarni shaxsan taqdim etish va jonli muloqot qilish imkoniyati yaratilganidan mamnun ekanini bildirdi.

Tadbir ishtirokchilari mamlakatimiz rahbariyati tomonidan yuritilayotgan insonparvar va ochiq siyosat natijasida xorijda, ayniqsa uzoq hududlarda yashab kelayotgan vatandoshlar ham davlat eʼtibori va g‘amxo‘rligidan chetda qolmayotganini alohida qayd etdi. Ular kelgusida ham bunday sayyor konsullik xizmatlarini muntazam tashkil etishga umid bildirib, O‘zbekiston hukumati va elchixona vakillariga samimiy minnatdorlik izhor etdi.

Shuningdek, Orlando shahrida joylashgan “Al Bukhari Islamic Center” o‘zbek diasporasi jamiyati bilan hamkorlikda muborak Qurbon hayiti munosabati bilan ehson dasturxoni yozildi.

Mazkur tadbir xorijda yashayotgan vatandoshlarga davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan eʼtibor va g‘amxo‘rlikni keng targ‘ib qilish, davlat va diaspora o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash, AQSHda yashovchi yurtdoshlarimizni jipslashtirish maqsadida o‘tkazildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish