Yekaterinburgda qiyin ahvolda qolgan hamyurtimizga vatanga qaytishiga yordam berildi

Sentabr 11, 2026. 20:50 • 2 daq

166
Yekaterinburgda qiyin ahvolda qolgan hamyurtimizga vatanga qaytishiga yordam berildi

YEKATERINBURG, 11-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Yurtimizning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan moddiy jihatdan og‘ir ahvolga tushib qolgan hamyurtimizga Vatanga qaytishi uchun yordam ko‘rsatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Toshkent viloyatida tug‘ilgan A.D. joriy yilning 8-sentyabr kuni Bosh konsulxonaga murojaat qilgan. Uning maʼlum qilishicha, u 2026-yilning yanvar oyida Sverdlovsk viloyatiga vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun kelgan. Biroq iyul oyida vaqtincha yashash joyida yiqilib tushishi oqibatida umurtqa pog‘onasidan og‘ir jarohat olgan.

Mablag‘i yo‘qligi sababli u zarur davolanish kursini ololmagan va mehnat faoliyatini davom ettira olmagan. Shuningdek, uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolgan.

Konsullik xodimlari tomonidan yuzaga kelgan holat o‘rganilib, tegishli idoralar bilan zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi va unga O‘zbekistonga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirib berildi.

Belgilangan tartib doirasida Migratsiya agentligi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Yekaterinburg–Toshkent” yo‘nalishidagi aviareysga chipta xarid qilindi.

Vatandoshimiz Bosh konsulxona hamda Migratsiya agentligi xodimlari kuzatuvi ostida Vatanga eson-omon qaytarildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish