Logo

O‘zbekiston bosh konsuli Tomskdagi o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashdi

Aprel 26, 2026. 15:30 • 2 daq

76
O‘zbekiston bosh konsuli Tomskdagi o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashdi

TOMSK, 26-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov Tomsk davlat milliy tadqiqot universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan navbatdagi sayyor qabul o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv ochiq va samimiy ruhda o‘tdi. Unda talabalar o‘qish sharoitlari, ilmiy seminar va tadbirlardagi ishtiroki, shuningdek, yashash sharoitlari haqida ma’lumot berishdi.

Talabalar O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi bilan doimiy aloqada bo‘lish muhimligini ta’kidladi. Ayniqsa, Bosh konsul tashabbusi bilan tashkil etilgan va tomsklik o‘zbek yoshlari bilan tezkor muloqot qilishga xizmat qilayotgan “Telegram” kanali samarali ekani qayd etildi.

Muloqot davomida yozgi amaliyotni tashkil etish va talabalar yotoqxonalaridagi sharoitlarni yaxshilash kabi dolzarb masalalar ham muhokama qilinib, ular bo‘yicha yechimlar topildi.

Uchrashuv yakunida talabalar 2026-yil 23-may kuni Novosibirsk shahrida o‘tkaziladigan mini-futbol bo‘yicha O‘zbekiston Bosh konsuli kubogida faol ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi.

Hozirgi kunda Rossiyaning “Talabalar poytaxti” hisoblangan Tomsk shahridagi oliy ta’lim muassasalarida qariyb 2100 nafar o‘zbekistonlik talaba turli yo‘nalishlarda tahsil olmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish