Pokistonda “Dolzarb viza” oyligi doirasida vatandoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Iyul 16, 2026. 12:00 • 2 daq
• 141
ISLOMOBOD, 16-iyul. /“Dunyo” AA/. Yurtimizning Pokistondagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tizimida eʼlon qilingan “Dolzarb viza” oyligi doirasida ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirning asosiy maqsadi xorijda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun viza rasmiylashtirish tartib-taomillari, migratsiya qonunchiligidagi so‘nggi yangiliklar hamda vatandoshlarni qiziqtirayotgan dolzarb masalalar yuzasidan maʼlumot berishdan iborat bo‘ldi.
Ishtirokchilarga joriy yilning 13-iyul sanasidan boshlab “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash doirasida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tizimida “Dolzarb viza” oyligi eʼlon qilingani maʼlum qilindi.
Taʼkidlanganidek, mazkur oylik doirasida mamlakatimizning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan O‘zbekiston fuqarolari uchun xorijiy davlatlarga vizasiz safar qilish imkoniyatlarini kengaytirish, viza rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish hamda bu borada xorijiy hamkorlar bilan muzokaralarni yana-da faollashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shuningdek, O‘zbekistonning xorijiy davlatlar, xususan, Pokiston bilan viza sohasidagi hamkorligini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yurtdoshlarimiz vizasiz tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxati hamda fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan davlatlar haqida to‘xtalib o‘tildi.
Bundan tashqari, elektron viza tizimining afzalliklari, xorijiy fuqarolarning O‘zbekistonga kirish tartibi, taklifnomalarni rasmiylashtirish, fuqarolik va pasport masalalari bo‘yicha konsullik xizmatlari, hujjatlarni legalizatsiya qilish, notarial harakatlarni amalga oshirish hamda konsullik sohasida joriy etilayotgan yangi raqamli xizmatlar va islohotlar xususida ham maʼlumot berildi.
Tadbir davomida vatandoshlar viza rasmiylashtirish, hujjatlarni legalizatsiya qilish, fuqarolikka oid masalalar, konsullik xizmatlaridan foydalanish tartibiga oid savollariga diplomatlardan amaliy tavsiyalar va huquqiy maslahatlar oldi.
“Dolzarb viza” oyligi doirasida tashkil etilayotgan bunday tadbirlar xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari faoliyatining ochiqligi va samaradorligini oshirish, vatandoshlar bilan muloqotni yana-da mustahkamlash hamda O‘zbekistonning ijobiy imijini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi