Xorijdagi vatandoshlar uchun “uPay.net” platformasida yangi qulayliklar yaratildi

May 23, 2026. 16:00 • 2 daq

250
Xorijdagi vatandoshlar uchun “uPay.net” platformasida yangi qulayliklar yaratildi

NYU-YORK, 23 may. /“Dunyo” AA/. AQSH va boshqa xorijiy mamlakatlardagi vatandoshlar uchun “uPay.net” platformasida yangi qulayliklar yaratildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Loyiha AQSHda yashayotgan, asli o‘zbekistonlik Xusrav Mahmudov va Akmal Abdullayev tomonidan takomillashtirilmoqda. Platforma, avvalo, o‘z oilalarini muntazam qo‘llab-quvvatlab turgan xorijdagi vatandoshlarga mo‘ljallangan.

Ta’kidlanishicha, o‘zbek diasporasi vakillari bilan uchrashuvlar hamda O‘zbekistonning AQSHdagi diplomatlari tomonidan tashkil etiladigan konsullik qabullari chog‘ida vatandoshlar O‘zbekistondagi ayrim xizmatlardan masofadan turib foydalanish imkoniyatlari yuzasidan tez-tez murojaat qilgan.

Foydalanuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, “uPay.net” shu kabi masalalarni hal etishni ancha yengillashtirgan va xorijdan turib turli xizmatlar uchun to‘lov qilishga qulay imkoniyat yaratgan.

Bu orqali AQSH, Kanada, Yevropa davlatlari va Yaqin Sharqda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklar o‘z yaqinlariga tezkor yordam ko‘rsatishi hamda maishiy masalalarni masofadan turib hal etishi mumkin.

Hozirda kompaniya platforma imkoniyatlarini faol kengaytirmoqda va xorijdagi o‘zbekistonliklarning ehtiyojlariga yo‘naltirilgan yangi moliyaviy xizmatlarni ishlab chiqmoqda.

Shuningdek, kompaniyaning Filadelfiyadagi ofisi negizida Samarqand viloyati va O‘zbekistonning boshqa hududlari bilan sarmoyaviy, texnologik va ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirishga yo‘naltirilgan “Samarkand Philadelphia Digital Hub” va “InvestInSamarkand.com” onlayn-platformasi ham tashkil etilgan.

Bunday tashabbuslarning amalga oshirilishi zamonaviy raqamli xizmatlarni rivojlantirish, xorijdagi vatandoshlar bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash hamda chet elda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish