O‘zbekiston Ombudsmani Polshada o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashdi
Oktabr 14, 2026. 11:30 • 2 daq
• 152VARSHAVA, 14-oktabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Polshadagi elchixonasida O‘zbekiston Ombudsmani Feruza Eshmatova ushbu davlat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan hamyurtlarimiz bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Feruza Eshmatova Inson huquqlari bo‘yicha Varshava konferensiyasida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Polshada bo‘lib turibdi.
Uchrashuv davomida vatandoshlarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yoshlarning o‘qish jarayonida va kundalik hayotda duch kelayotgan masalalari muhokama qilindi.
Suhbat chog‘ida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tizimidagi islohotlar, Ombudsmanning mintaqaviy vakilliklari faoliyati hamda fuqarolar murojaatlarini tezkor qabul qilish va ko‘rib chiqishga mo‘ljallangan maxsus mobil ilovaning imkoniyatlari haqida so‘z yuritildi.
Xorijda ta’lim olayotgan yoshlarga ko‘rsatilayotgan ko‘mak hamda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining vatandoshlarimizga yordam berishdagi o‘rni alohida qayd etildi. Ishtirokchilar o‘zbekistonlik talabalarning mamlakat intellektual salohiyatini xalqaro miqyosda ilgari surishdagi ahamiyatini muhokama qildi.
Ochiq muloqot davomida talabalar viza va vaqtinchalik yashash kartasi (Karta pobytu)ni rasmiylashtirish, “PESEL” identifikatsiya raqamini olish, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, frilans va yetkazib berish xizmati sohasida ishlash kabi masalalar bo‘yicha fikr almashdi.
Shu bilan birga, talabalar o‘zbek tilini ommalashtirish hamda madaniy-ma’rifiy loyihalarni kengaytirish bo‘yicha o‘z tashabbuslarini bildirdi. Elchixona vakillari va Ombudsman ko‘tarilgan masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
Diplomatlar talabalarga Polsha qonunchiligiga qat’iy rioya qilish, kiberjinoyatlar va moliyaviy firibgarlikdan ehtiyot bo‘lish, noqonuniy migratsiya va odam savdosi bilan bog‘liq xatarlarni inobatga olish zarurligini eslatdi. Ruxsat etilmagan ommaviy tadbirlarda ishtirok etishning huquqiy oqibatlari, buzg‘unchi g‘oyalardan himoyalanish hamda raqamli muhitda shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalarni ochiq muhokama qilish imkoniyati yaratilgani uchun tashkilotchilarga minnatdorlik bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



